Xitoylik olimlar Yer orbitasidan chiqindilarni yo‘qotish uchun mo‘ljallangan otish qurilmasini taqdim etdilar. Bu qurilma potensial jihatdan qurol sifatida ham ishlatilishi mumkin. Bu haqda South China Morning Post (SCMP) nashri xabar berdi.

Ixcham va sezilarsiz qurilma porox dvigateli tamoyiliga asoslangan. Uni Nankin, Shanxay va Shenyandagi aerokosmik sanoat muhandislari ishlab chiqishgan.
Oddiy qurollardan farqli o‘laroq, bu qurilma ko‘zni qamashtiruvchi chaqnashlar, kuchli tebranishlar va parchalar bulutini hosil qilmaydi. U tutun va yorug‘lik chiqarmaydi, hamda otilganda deyarli tebranmaydi. Bunga yopiq gaz yordamida energiyani yutish mexanizmi orqali erishilgan.
Nankin fan va texnologiyalar universiteti muhandislik kafedrasi dotsenti Yue Shuay rahbarligidagi jamoa aytishicha, chiqindilarni tutib oluvchi to‘rni o‘z ichiga olgan kapsulani uchirish platformasiga zarar yetkazmay, aniq nishonga yo‘naltirish mumkin.
Sun’iy yo‘ldoshdan an’anaviy usulda uchirilganda, uning sezgir asboblari beqarorlashishi va kosmik kemaning energiyasi tugab qolishi xavfi mavjud.
Olimlarning ta’kidlashicha, otish qurilmasi Yer atrofida aylanayotgan minglab ishdan chiqqan sun’iy yo‘ldoshlar va foydalanilgan raketa pog‘onalarini o‘z ichiga olgan orbital chiqindilar muammosini hal qilishga mo‘ljallangan.
Shu bilan birga, SCMP ixtironing kichik o‘zgartirilishi dushman razvedka yoki aloqa sun’iy yo‘ldoshlarini ishdan chiqarish uchun to‘rdan foydalanishga imkon berishi mumkinligini ta’kidlaydi.
Izoh (0)