Toshkent viloyati bojxona postida “ozdiruvchi dori” sifatida sotilishi kerak bo‘lgan 1,3 tonna inson ruhiyatiga kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari to‘xtatib qolindi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi xabar qildi.
Maʼlumki, ijtimoiy tarmoqlarda ozdirishga xizmat qiluvchi turli paketchali choy va qahvalar, kapsulalar mashhur shaxslar ko‘magida go‘yoki zararsizdek reklama qilinib, sotib kelinmoqda. Ammo bu mahsulotlar tarkibida semizlikni davolashda qo‘llaniladigan “Sibutramin” kuchli taʼsir qiluvchi moddasi mavjud.
Ushbu modda joriy yilning 6-yanvaridan kuchli taʼsir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, uning hattoki yarim grammini sotish ham jinoiy harakat hisoblanadi. “Sibutramin” inson yurak-qon tomir va asab tizimiga jiddiy nojo‘ya taʼsirlar keltirib chiqarishi mumkin.
-qI1vqG7R.avif)
Bojxona qo‘mitasining Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “Keles” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti, boshqarmaning Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi hamda Markaziy bojxona laboratoriyasi xodimlari tarkibida “Sibutramin” moddasi bo‘lgan yirik miqdordagi choy va qahvalarni olib kirishga bo‘lgan urinishni fosh qildi.
Poytaxtdagi masʼuliyati cheklangan jamiyatlardan birining nomiga keltirilgan tovarlarni bojxona ko‘rigidan o‘tkazish davomida tovarlar orasidagi 4 xil turda qadoqlangan, og‘irligi esa 1 tonna 313 kilogrammdan ziyod bo‘lgan ozdiruvchi choy, qahva va kapsulalar tarkibida ham “Sibutramin” mavjudligi aniqlandi.
Maʼlumot uchun, joriy yilda respublikamiz bojxonachilari orqali 1 million donadan ziyod kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yilgan.
Izoh (0)