Hirosimaga yadro bombasi bilan hujum qilgan “Enola Gey” samolyoti ekipajining oxirgi a’zosi AQShda 93 yoshida vafot etdi, deya xabar berdi Daily Telegraph.
Teodor Van Kirk Jorjiya shtatidagi qariyalar uyida tabiiy sabablarga ko‘ra ko‘z yumdi. Bombardimon vaqtida u 24 yoshda bo‘lgan. “U urush qahramoni sifatida e’tirof etilganini bilaman, biroq biz hammamiz uni ajoyib ota sifatida tanirdik”, — dedi Van Kirkning o‘g‘li.
2005-yilda bergan intervyusida Van Kirk urush tajribasi unga janglar va yadro bombalari biror narsani hal qilishda foydasiz ekanligini isbotlaganini aytgan edi. “Yerdagi barcha qurollar yo‘q qilinishini istar edim”, — degan edi u.
1945-yil 6-avgust kuni “Enola Gey” bombardimonchi samolyoti trotil ekvivalenti 20 ming tonnaga teng atom bombasini Hirosimaga tashlaydi. U shahar ustidan 580 metr balandlikda portlaydi. Natijada 66 ming kishi halok bo‘ladi, yana 69 ming nafar kishi yaralanadi.
Izoh (0)