Tailand harbiy xuntasi – quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondoni Prayut Chan-Ocha o‘zini mamlakat bosh vaziri vazifasini bajaruvchi deb e’lon qildi. Ichki tinchlik va tartibni saqlash bo‘yicha kengash vakilining aytishicha, harbiy rejim rahbariyati mamlakatni boshqarishga “doimiy asosda kimnidir” jalb etmaguniga qadar, general Prayut hukumatni boshqaradi. Bu haqda “ITAR-TASS” xabar berdi.
Tailandda harbiylar asosiy siyosiy yetakchilar, jumladan, sobiq bosh vazir Yinglak Chinavatga mamlakatni tark etishni taqiqladi. 22-may kuni mamlakat hukumatini egallab olgan Tinchlik va tartibni saqlash bo‘yicha qo‘mondonlik tegishli buyruqni e’lon qildi.
Shu hafta Tailandda amalga oshirilgan davlat to‘ntarilishi poytaxtda o‘n oydan buyon davom etayotgan tartibsizliklarga barham berishga qaratilgan. Hukumatni o‘z qo‘liga olgan harbiylar shu yo‘l bilan qisqa muddatda layoqatli hukumatni qayta tiklab, Tailandni iqtisodiy va siyosiy boshi berk ko‘chadan olib chiqmoqchi.
Izoh (0)