KXDR 22-may kuni Koreys xalq armiyasi (KXA) kemalari Sariq dengizda Janubiy Koreyaga tegishli kemani o‘qqa tutgani haqidagi ma’lumotni rad etdi. Bu haqda “ITAR-TASS” xabar berdi.
Koreya xalq armiyasi janubi-g‘arbiy fronti bayonotida aytilishicha, Seuldagilar “Yonpxyondo oroli hududida KXA Janubiy Koreya harbiy kemasiga qarata o‘t ochgani, ularning bunga javoban bir necha marta o‘q otgani haqidagi ma’lumotlarni to‘qib chiqargan”. Hujjatda ta’kidlanishicha, aslida Janubiy Koreya harbiy kemalari “harbiy dengiz chegara chizig‘ini kesib o‘tib, KXDR hududiy suvlariga bostirib kirgan va Xitoyning tinch baliqchi kemalarini qo‘lga olish uchun o‘t ochgan”.
“Janubiy Koreya ushbu hodisa uchun javobgarlikni KXDR bo‘yniga ilish maqsadida mana shu tuhmatni o‘ylab chiqargan”, - deb hisoblaydi Pxenyan.
Seul tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, Shimoliy Koreyaning harbiy kemasi Janubiy Koreyaning patrul kemasi tomon ikkita snaryad otgan. Bunga javoban, Janubiy Koreya bir necha quroldan baravariga o‘t ochish bilan javob bergan. Hodisa Sariq dengizdagi Yonpxyondo oroli tomondagi dengiz chegarasi yaqinida sodir bo‘lgan.
Izoh (0)