“Gazprom”ning 2024-yildagi sof zarari, bir yil avvalgi 695,57 milliard rubl foyda o‘rniga 1,076 trillion rublni tashkil etdi. Bu haqda kompaniya hisobotida ma’lum qilingan.

Ta’kidlanishicha, bosh kompaniya — “Gazprom” OAJning buxgalteriya hisobotida ko‘rsatilgan zararning shakllanishiga asosan “Gazprom neft” OAJ aksiyalarining bozor qiymatining 852 milliard rubl miqdorida pasayishi va 2025-yil 1-yanvardan boshlab soliq stavkasining 25 foizgacha oshirilishi munosabati bilan kechiktirilgan foyda solig‘i bo‘yicha xarajatlarning 444 milliard rubl miqdorida ko‘payishi ta’sir ko‘rsatgan.
Bundan tashqari, 2024-yilda “Gazprom”ning yalpi foydasi 1,44 trillion rublga yetib, 13,6 foizga o‘sgan. Soliq to‘lashdan oldingi zarar 2023-yildagi 784,59 milliard rubl foyda o‘rniga 976,56 milliard rublni tashkil etgan.
Hisobot davrida kompaniyaning debitorlik qarzi o‘tgan yildagi 2,595 trillion rubl o‘rniga 2,84 trillion rublga yetgan. Kreditorlik qarzlari ham 2023-yil oxiridagi 1,324 trillion rubldan 1,474 trillion rublgacha ko‘paygan.
30-sentyabrdagi hisobotga ko‘ra, “Gazprom” 2024-yilning dastlabki to‘qqiz oyini 309,1 milliard rubl zarar bilan yakunlagandi.
Yanvar oyida Ukraina orqali bir nechta Yevropa davlatlariga Rossiya tabiiy gazining eksporti to‘xtatildi. Buning ortidan Yevropa ittifoqining (YI) o‘nta mamlakati Rossiya gazini import qilishni butunlay taqiqlashga chaqirgani, tashabbusni o‘z ichiga olgan hujjatni Litva, Latviya, Estoniya, Daniya, Chexiya, Polsha, Ruminiya, Shvetsiya, Irlandiya va Finlyandiya imzolagani xabar berilgandi.
Sentyabr oyida Forbes jurnali Rossiyaning eng yirik kompaniyalarining sof foyda hajmi bo‘yicha yillik reytingini e’lon qildi. Avvalgi yillar ro‘yxatda peshqadamlik qilib kelgan “Gazprom” konserni hatto birinchi yuztalikka ham kira olmagandi.
Izoh (0)