O'zbekiston dunyoning eng yirik mudofaa texnologiyalari ko'rgazmasida qatnashyapti. Mamlakat NATO standartidagi uchta harbiy texnika namoyish qildi. Daryo muxbiri ular haqida tadbir joyidan batafsil xabar beradi.
Mudofaa sanoati agentligi qoshidagi korxonalar tomonidan ishlab chiqilgan qator mahsulotlar IDEX-2025 xalqaro ko‘rgazmasida qatnashdi. Ular orasida Arslon 8x8 va 6x6 zirhli transport vositalari, shuningdek yuk mashinasi shassisida o‘rnatilgan To‘fon o‘ziyurar gaubitsasi bor. Yuqorida sanab o‘tilganlar mamlakat uchun nimasi bilan muhim? Texnik xususiyatlari qanday, umuman olganda ularni ishlab chiqish bilan O‘zbekiston nimaga erishadi? Maqolada shular haqida so‘z boradi.
-fMQdyUPS.jpg)
Mudofaa texnologiyalari bo‘yicha IDEX-2025 xalqaro ko‘rgazmasida O‘zbekiston uchun ham alohida stend ajratildi. Unda harbiy sanoat korxonalarimiz tomonidan ishlab chiqilgan harbiy texnikalar, jumladan dronlar va elektron urush tizimlari, shuningdek ikki xil maqsadga mo‘ljallangan mahsulotlar qatnashdi. Ammo eng muhim voqea bu emas. O‘zbekiston NATO standartidagi zihrli transport vositalari hamda o‘ziyurar gaubitsa ishlab chiqarib, o‘z tarixida yangi sahifa ochdi. Bungacha mamlakat asosan Sovet/Rossiya namunasidagi texnikalarga tayanardi.

Gap shundaki, BTR oilasiga mansub texnikalar Sovet ittifoqi uchun sifat emas, son ustuvor bo‘lganini ko‘rsatadi. Aniqroq aytganda, ular ishlab chiqarish, texnik xizmat ko‘rsatish oson bo‘lishiga mo‘ljallangan. Zirh qalin emas, qolaversa alyumin va po‘lat kabi u qadar mustahkam bo‘lmagan materiallardan foydalanilgan. Bu ham yetmagandek, mazkur turdagi texnikalarda dvigatel orqa bo‘lmada o‘rnatilgan. Bu jang vaqti desant bo‘linma uchun yondoshdan tushishdan va bu orqali o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yishdan boshqa chora qoldirmaydi.
Balki ular o‘z davri uchun ishonchli qurol bo‘lgandir, ammo hozir zamon va tahdidlar boshqa.

Arson yuqorida sanab o‘tilgan kamchiliklarni inobatga olgan holda loyihalangan. Ishlab chiqaruvchi – Havztez muhandislari uning ichidagi ekipaj va desantchilar xavfsiz bo‘lishi uchun mashina zirhida kompozit materiallardan foydalangan. Ayni shu sabab Arslonning old qismi NATO STANAG VI standartiga javob beradi.
Qolaversa, mashina minaga va portlovchi moddalarga qarshi mustahkam himoyaga ega. U 10 kilogramm trotil ekvivalentidagi portlovchi zaryaddan himoyalay oladi.
Ekipaj uch kishidan ibotat: komandir, haydovchi mexanik va qurol operatori. Bundan tashqari, texnikaga 6-8 kishilik desant bo‘linma joylashishi mumkin. Eʼtiborlisi, jarayon avtomatlashtirilgan. Ekipaj mashina ichida turib, 360° darajani bemalol kuzatishi, jang maydonidagi vaziyatdan boxabar bo‘lib turishi mumkin.
Arslonning turli qismlariga o‘rnatilgan kamera va sensorlar bunga imkon beradi. Taʼkidlash joiz, uni boshqarish, ayniqsa qurol operatori uchun, alohida ko‘nikma va jismoniy imkoniyatlar talab qilmaydi. Qurol boshqaruvi xuddi video o‘yinlarni eslatib yuboradi — hammasi joystik orqali.
Va nihoyat Arslonning qurollanishi haqida. U 30 mm kalibrli avtomatik to‘p va 12,7 mm kalibrli ikkilamchi qurolga ega. U odatiy rejimda daqiqasiga 200-300, intensiv rejimda esa 800 ga qadar o‘q uza oladi. Maksimum o‘t ochish masofasi esa 4 kmga boradi. Biroq qurol xususiyatlari shu bilan cheklanmaydi. U zamonaviy o‘t ochishni boshqarish tizimiga ega. Yaʼni qurol masofadan boshqariladigan jangovar modul (Remote Weapon Station, RWS) bo‘lib, bir nechta ilg‘or tizimlarni o‘z ichiga olgan. Elektro-optik kuzatuv va nishonga olish tizimi (kamera, termal tasvirlagich va lazer masofa o‘lchagich) shular jumlasidan.

Qolaversa, Arslon jang maydonidagi nishonlarni kuzatish, dushman o‘t ochish uchun foydalangan pozitsiyani kuzatish kabi xususiyatlarga ega. Mashinani 600 ot kuchiga ega dvigatel harakatlantiradi. Bu unga tezligini 100 km/soatgacha oshirish imkonini beradi. Maksimal yurish zaxirasi esa 700 km.
Arslonning BTR oilasidagi texnikalardan farqini ko‘rsatib beradigan yana bir omil bu vazndir. Mahalliy mahsulotimiz 32 tonna og‘irlikka ega. Rossiyaning eng zamonaviy zirhli transportyorlaridan biri BTR-82 15,4, Sovetlarning piyoda jangovar mashinasi BMP-2 esa 14,3 tonna.
Arslon 6x6
Mazkur variantni, taʼbir joiz bo‘lsa, uning ukasi, deyish mumkin. Arslon 6x6, akasidan farqli, 4 emas, 3 juft g‘ildirakdan iborat shassiga asoslangan. Bu harakatchanlikni oshirib, manyovr imkoniyatlarini kengaytiradi. Ayni shu sabab undan tor yo‘llar, shahar sharoitida foydalanish qulay.

Shunga qaramay, mazkur versiya jangovar imkoniyatlar bo‘yicha Arslon 8x8 dan qolishmaydi. U ham 30 mm kalibrli avtomatik to‘p, xuddi shunday elektro-optik xususiyatlarga ega.
Arslon 6x6 ning vazni 22 tonna. Uni 450 ot kuchiga ega dizel dvigateli harakatlantiradi. Maksimal tezligi esa akasidan biroz yuqoriroq — 110 km/soat. Ekipaj, desant bo‘linma soni o‘zgarmagan.

To‘fon
Ukraina urushida dronlarning ahamiyati ko‘rindi. Ammo hal qiluvchi rolni artilleriya o‘ynamoqda. Council on Foreign Relations hisobotiga ko‘ra, mazkur mojarodagi talafotlarning 80 foizi artilleriya yordamida yetkaziladi.
Biroq hozir tirkamali artilleriyaning davri o‘tdi. Uni jangovar pozitsiyaga tortib kelish, jangovar shay holatga keltirish va javob zarbasi kemay turib tark etish ancha vaqt va logistika zanjirini talab etadi. Mudofaachilarimiz uchun ishlab chiqilgan yangi qurol orqali buni bartaraf etish mumkin.
To‘fon yuk mashinasi shassisiga o‘rnatilgan o‘ziyurar artilleriya tizimi bo‘lib, NATO standartidagi o‘q-dorilar, yaʼni 155 mm kalibrli snaryadlarni qo‘llaydi. Bu o‘zbek harbiy sanoatini yangi darajaga olib chiqadi.
Mazkur tizim nishonlarni belgilashda Global Positioning System (GPS) va Inertial Navigation System (INS) tizimlarining kombinatsiyasidan foydalanadi.
To‘fon standart va reaktiv snaryadlarni qo‘llashi mumkin. Bu unga 50 kilometr masofadagi nishonlarni zararsizlantirish imkonini beradi. Solishtirish uchun, To‘fonning ruscha analogi Malvaʼda bu ko‘rsatkich 29 kilometr.
Milliy tizimimizning yana bir afzalligi u snaryadlarni o‘zi bilan birga olib yuradi. Bu qurolni jangovar shay holatga keltirish vaqtini qisqartiradi. To‘fon daqiqasiga yetti martagacha o‘t ochishi mumkin.
To‘fon artilleriya tizimi bo‘lgani uchun old jabhada jang qilmagani bilan, uning 4-6 kishilik ekipaji xavfsizligini taʼminlash masalasi eʼtibordan chetda qolmadi. Buning uchun ular joylashgan boshqaruv kabinasi NATO standartlari darajasida zirhlangan.
Mazkur tizimni 335 ot kuchiga ega dvigatel harakatlantiradi. U maksimal tezligini 100 km/soatgacha yetkazishi mumkin. Qurol va zirhli kabina hisobiga qurol vazni 27 tonnagacha boradi.

Mudofaa vazlirgi huzuridagi Mudofaa sanoati egantligi davlat korxonalari hamda xususiy kompaniyalarni klaster asosida birlashtirib, ishlab chiqarishning butun bir zanjirini yo‘lga qo‘ydi. Bu orqali katalogni muntazam kengaytirib borish bilan bir qatorda, NATO standartidagi ilg‘or tizimlar ishlab chiqishga ham muvaffaq bo‘lindi.
O‘zbekiston harbiy sohada tashqi taʼminotchilarga bog‘liqligini kamaytirib, o‘z askarlarini o‘zi qurollantiryapti. Bu mamlakat xavfsizligi, uning xalqi osoyishtaligi uchun favqulodda muhim, shuningdek quvonarli holat. Mazkur sohada amalga oshirilayotgan islohotlar har bir o‘zbekistonlik qalbida faxr va vatanparvarlik tuyg‘usini uyg‘otmasligi mumkin emas.
Izoh (0)