O‘zbekiston va AQSH rasmiylari 2021-yilning avgust oyida “Tolibon” hokimiyatni egallayotgan vaqtda afg‘on harbiylari tomonidan O‘zbekiston hududiga olib o‘tilgan aviatsiya texnikalari borasida o‘zaro kelishuvga erishdi. “Daryo” ushbu ma'lumot qanchalik to'g'ri ekanligini bilish maqsadida AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan bog‘langanida, elchixona bu ma’lumotlarni tasdiqladi.
2021-yilning 16 avgust kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi mamlakat havo makonini 585 nafar afg‘on harbiy xizmatchisi bo‘lgan 22 ta harbiy samolyot va 24 ta vertolyot kesib o‘tgani to‘g‘risida xabar bergan edi. O‘sha vaqtda O‘zbekiston hududiga “Embraer EMB 314 Super Tucano” va “Pilatus PC-12” rusumdagi 22 ta harbiy samolyot va “UH-60 Black Hawk”, “MD-530” va “Mi-17” rusumdagi 24 ta harbiy vertolyot olib o‘tilgan.
“Daryo” eksperti, iqtisodiy tahlilchi Shuhrat Rasul Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlik masalasi borgan sari dolzarb bo‘lib borayotgani tufayli AQSH harbiy samolyot va vertalyotlarni O‘zbekistonda qoldirishga qaror qilganini taxmin qildi.
“AQSH tomonidan 22 ta samolyot va 24 ta vertalyotlarni O‘zbekistonga berilishi juda katta yutuq. Tahminan, har bir samolyot va vertalyotning bozor qiymatida narxi – 20 million dollar deb baholanganda ham, jami 920 million dollarlik harbiy aktiv qo‘lga kiritilmoqda. Bundan tashqari, Qo‘shma Shtatlar texnikalarning bir qismini 64 million dollarga ta’mirlab berish majburiyatini ham olgan. Umumiy hisobda – 1 milliard dollar.
AQSH hukumati nima uchun harbiy uchoqlarni boshqa davlatga olib chiqib ketmasdan, mintaqada qoldirishga qaror qildi? Chunki Markaziy Osiyoda xavfsizlik masalasi borgan sari aktual bo‘lib bormoqda. Ushbu texnikalar kelajakda mintaqah davlatlari, xususan, O‘zbekistonning xavfsizligini himoya qilishda qo‘llaniladi”, deydi iqtisodiy tahlilchi.
Siyosatshunos Farhod Tolipov “Tolibon”ning bu xabarga munosabatini diqqat bilan kuzatish kerakligini, shunda ko‘p narsa oydinlashishini ta’kidladi.
“Bu xabar bizga nimadan darak beradi? Demak, AQSH 2021-yilda Afg‘oniston hududini tark etgan bo‘lsa ham, Afg‘oniston bo‘yicha o‘z siyosatini to‘xtatmagan. AQSH bu qarorga kelishdan oldin “Tolibon” hukumati bilan muloqot qilgan bo‘lishi mumkin. Balki kelishib ham olishgandir? Agar kelishmagan bo‘lsa, “Tolibon” hukumati o‘z noroziligini bildirishi mumkin. Endi “Tolibon” bu xabarga qanday reaksiya ko‘rsatishi – ko‘p narsani oydinlashtiradi.
“Menimcha, AQSH bu texnikalarni O‘zbekistonda qoldirish borasida kecha yoki bugun qarorga kelmagan. Ko‘rinmas parda ortida O‘zbekiston va AQSH rasmiylari o‘rtasida muloqot borgan. Demak, AQSH mintaqadagi xavfsizlik borasida O‘zbekiston bilan yaqin hamkorlik qilish niyatida. Amerika tomonidan Afg‘onistonda 2000-yillarda olib borilgan harbiy operatsiyalar vaqtida O‘zbekiston AQSHga katta yordam ko‘rsatgan. Buning uchun AQSH O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimovga minnatdorchilik xatini ham yuborgan. Ya’ni bu hamkorlik kechagina paydo bo‘lgan emas. Bundan tashqari, 2002-yilda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida Strategik sheriklik to‘g‘risida shartnoma imzolangan”, dedi siyosatshunos.
Tojikiston hududiga esa 18 ta harbiy texnika orqali 140−150 kishi o‘tgan edi. 2021-yilning sentabr va noyabr oylarida uchuvchilar va ularning oila a’zolari avvaliga BAAga, keyin AQShga olib ketilgan. Harbiy texnikalar esa Afg‘onistonga qaytarilmagan.
Shundan so‘ng 2022-yilning yanvar oyida “Tolibon” O‘zbekiston hukumatidan olib o‘tilgan harbiy texnikalarni qaytarishni talab qilgan. Xususan, “Tolibon” hukumatida mudofaa vaziri v.b. bo‘lgan Mavlaviy Muhammad Yoqub Mujohid O‘zbekiston va Tojikistondan aviatexnikalarni qaytarishni talab qilib shunday degan edi:
“Tojikiston yoki O‘zbekistonda bo‘lgan samolyotlarimiz qaytarilishi kerak. Biz bu samolyotlar chegaralarimizdan tashqarida qolishi yoki bu mamlakatlar tomonidan foydalanilishini istamaymiz”.
Biroq rasmiy Toshkent bu texnikalar Amerika Qo‘shma Shatatlarning mulki ekanligini bildirgan edi. Bir muncha vaqt o‘tgach AQSh mudofaa vazirligi Afg‘oniston armiyasining Kobuldagi hukumat qulaganidan keyin O‘zbekiston va Tojikistonga olib qochib ketilgan vertolyotlari toliblarga berilmasligini ma’lum qildi.
2022-yilning aprel oyi oxirida O‘zbekiston prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev nima uchun O‘zbekiston rasmiylari samolyot va vertolyotlarni toliblarga qaytarmaganini tushuntirgan. O‘shanda Ismatulla Ergashev aviatexnikalar taqdiri bo‘yicha qaror Vashingtonda qabul qilinishi kerakligini ta’kidlagan.
Jurnalist Sardor Ali tayyorladi








