Pokiston qurolli kuchlari tarkibida raketa qo‘shinlarini tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda bosh vazir Shahboz Sharif ma’lum qildi.

Vazir bu bayonotni Hindiston bilan may oyida bo‘lgan to‘qnashuv xotirasiga bag‘ishlangan marosimda aytdi.
Ular (raketa qo‘shinlari) eng zamonaviy qurol-aslahalar bilan ta’minlanadi, dedi Sharif.
U bu kuchlar Pokiston armiyasining jangovar qobiliyatini mustahkamlashda yangi bosqich bo‘lishini ta’kidladi. Xavfsizlik xizmatining yuqori lavozimli vakili bu kuchlar alohida qo‘mondonlikka ega bo‘lishini aytdi.
Shubhasiz, bu (raketalar) Hindistonga qarshi mo‘ljallangan, deya qo‘shimcha qildi u.
Hindiston bosh vaziri Narendra Modi 2-avgust kuni Pokistonga nisbatan tahdidli bayonot bergandi. U Pokistonning kelajakdagi har qanday hujumiga “qat’iy qasos” bilan javob qaytarilishini aytgan.
Pokistondagilarni tunda behalovat qilish uchun BrahMos nomini tilga olishning o‘zi kifoya, degan edi o‘shanda Modi.
Tovushdan tez uchadigan BrahMos qanotli raketalari quruqlik, dengiz va havo bazalariga mo‘ljallangan variantlarda ishlab chiqariladi.
Pokiston va Hindiston to‘qnashuvi
Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar 2025-yil aprelida “Qarshilik fronti” jangarilarining Kashmirda sayyohlarga hujum qilib, 26 kishining o‘limiga sabab bo‘lgach, keskinlashdi. Hindiston hujumda Pokistonni aybladi, rasman Kamshir hujumda ishtirok etmaganini aytib, ayblovni rad etdi. Hindiston Pokiston bilan 1960-yildagi muhim suv shartnomasini to‘xtatdi va yagona quruqlikdagi chegara o‘tish punktini yopdi.
6-may kuni Hindiston “Sindur” operatsiyasini boshlab, Panjob va Pokistonning Kashmir qismiga raketa zarbalari berdi. Pokiston bunga javoban o‘t ochdi va 10-may kuni Hindiston bazalari, aerodromlari hamda raketa omboriga hujum qildi. Tegishli operatsiya “Banyan-ul-Marsus” deb nomlandi. Mojaroning eng keskin nuqtasi, turli manbalarga ko‘ra, 125 tagacha qiruvchi samolyot ishtirok etgan keng ko‘lamli havo jangi bo‘ldi.
10-may kuni tomonlar AQSH vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatishga kelishdi. 88 soat davom etgan mojaro yakunida Hindiston 100 dan ortiq jangchi yo‘q qilingani, 5 nafar harbiy va 16 nafar tinch aholi halok bo‘lganini bildirdi. Pokiston esa 13 nafar harbiy hamda 40 nafar tinch aholi, jumladan, ayollar va bolalar halok bo‘lgani, 78 nafar harbiy yaralanganini ma’lum qildi.
Izoh (0)