Rossiya Premer Ligasining 2024/25-yilgi mavsumi 29-turidan o‘rin olgan so‘nggi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Moskvaning “RJD Arena” stadionida “Lokomotiv” hamda “SSKA” jamoalari maydonga tushib, 2:2 hisobida durang o‘ynadi.
O‘yinning 10-daqiqasida “Lokomotiv” hujumchisi Dmitriy Vorobyov hisobni ochdi. U vinger Sergey Pinyayevning qanotdan bergan aniq uzatmasidan keyin bosh bilan gol urdi.
25-daqiqada Vorobyov dublga erishdi. Bu safar u “SSKA” yarim himoyachisi Abbosbek Fayzullayevning ortga bergan noaniq pasidan keyin to‘pni egallab olib, hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirib qo‘ydi.
Ikkinchi bo‘lim boshida, aniqrog‘i 47-daqiqada, “SSKA” hujumchisi Saul Guarirapa bosh bilan gol urib hisobni qisqartirdi. 80-daqiqada esa yarim himoyachi Matvey Kislyak uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi bilan tablodagi natijani 2:2 ko‘rinishiga keltirib qo‘ydi.
Mazkur natijadan so‘ng “SSKA” 56 ochko jamg‘argan holda turnir jadvalining 3-o‘rnini egallab turibdi. “Lokomotiv” esa 50 ochko bilan 6-pog‘onani band etgan.
Ma’lumot uchun, Fayzullayev o‘yinga 21-daqiqada zaxiradan qo‘shildi. U jarohat olgan Kristian Bistrovichning o‘rnini egallagan edi.
Izoh (0)