AQSHda noqonuniy bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarni qaytarish choralari ko‘rilgani xabar qilingan edi. AQSH ichki xavfsizlik vaziri buning uchun Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi.

“Biz O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga 131 nafar noqonuniy muhojirni o‘z vataniga qaytarish uchun samolyot jo‘natishga rahbarlik qilgani uchun minnatdorlik bildiramiz. Xavfsizlikni mustahkamlash va qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha O‘zbekiston bilan hamkorlikni davom ettirishni intiqlik bilan kutamiz”, deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.
Xabarda ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston bilan hamkorlikda deportatsiya qilingan 131 nafar migrantlar orasida o‘zbekistonliklardan tashqari, qozog‘istonlik va qirg‘izistonlik fuqarolar ham bo‘lgan. Fox News telekanalining xabar berishicha, Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolari O‘zbekistonga kelishi bilan vataniga jo‘natilgan. Fuqarolarning barchasini AQSHdan qaytarish xarajatlari O‘zbekiston tomonidan qoplangan.
AQSHda noqonuniy bo‘lib turgan fuqarolar 30-aprel kuni Uzbekistan Airways’ning Nyu York—Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha maxsus charter reysida olib kelindi.
AQSHda noqonuniy bo‘lib turganlar deportatsiya qilinishi
AQSH prezidenti Donald Tramp maʼmuriyati noqonuniy migrantlarni sudsiz deportatsiya qilishga ruxsat bergan. Tramp saylovoldi kampaniyasidayoq muhojirlarni ommaviy deportatsiya qilishga va’da bergan. 2025-yil fevralida Kosta Rika O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston va Hindiston kabi davlatlarning AQSHdan deportatsiya qilingan 200 nafar fuqarosini qabul qilishga rozi bo‘ldi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri matbuot kotibi Ahror Burhonov diplomatik vakolatxonalar O‘zbekistonning barcha fuqarolariga, ular qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, har tomonlama yordam ko‘rsatishini aytdi. 2025-yil fevralida 7 nafari Nyu York—Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekistonga olib kelindi. Mart oyi boshlarida yana 10 nafar fuqaro AQSHdan O‘zbekistonga qaytarildi.
Deportatsiya qilinadigan O‘zbekiston fuqarolari soni 975 kishini tashkil etmoqda. Umumiy hisobda, turli davlatlardan 1 445 549 nafar chet el fuqarosi chiqarib yuboriladi. AQSHdan 2023-yil sentyabrdan 2024-yil sentyabrgacha O‘zbekistonga 572 kishi deportatsiya qilingan.
AQSHda migrantlar uchun o‘z-o‘zini deportatsiya qilishga mo‘ljallangan ilova ishga tushirilgan. CBP Home deb nomlangan mobil ilova noqonuniy migrantlarga hibsga olinmasdan, mamlakatni mustaqil ravishda tark etish imkonini beradi. Ular keyinchalik qonuniy ravishda qaytib kelishi mumkin bo‘ladi.
Izoh (0)