Rossiya prezidenti Vladimir Putin G‘arb davlatlari Rossiyaning mustaqilligi va suverenitetini tan olmagani tufayli Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush boshlanganini da’vo qildi. Bu haqda u “Rossiya. Kreml. Putin. 25 yil” nomli hujjatli filmda ma’lum qildi.

Putinga ko‘ra, G‘arb go‘yoki Rossiyani bir necha qismlarga bo‘lib, “qo‘lga kiritmoqchi” bo‘lgan. Rossiya rahbari 2007-yilgi Myunxen konferensiyasidagi nutqini esladi:
Rossiya yoki mustaqil va suveren bo‘ladi, yoki umuman mavjud bo‘lmaydi. Men bu fikrni G‘arbdagi hamkorlarimizga yetkazmoqchi bo‘ldim. Ular eshitishdi, Rossiyaga nisbatan munosabatlarini qandaydir tarzda o‘zgartirishlariga umid qilgandim. Ammo bu sodir bo‘lmadi. Oqibatda Ukraina yo‘nalishidagi bugungi fojiali voqealar yuz berdi, dedi u.
Rossiyaning urush sabablari haqida o‘zgaruvchan bayonotlari
Rossiya 2014-yildagi Qrim anneksiyasidan boshlab Ukrainaga nisbatan agressiyasini turlicha bahonalar bilan oqlab kelmoqda. Dastlab, Ukrainada rus tilida so‘zlashuvchilarning huquqlari buzilayotgani da’vo qilingan. Keyinchalik esa Ukraina NATOga qo‘shilsa, bu Rossiya xavfsizligiga tahdid solishi aytilgan.
2022-yil fevralidagi to‘liq bosqin arafasida Putin urushning asosiy maqsadlarini “denatsifikatsiya” va “demilitarizatsiya” deb e’lon qilgan. Biroq Ukrainada na fashistik tuzum, na saylovsiz hokimiyat mavjud edi.
Shuningdek, Putin bir necha bor Ukraina go‘yoki Rossiya yerlaridan tashkil topgan “sun’iy davlat” ekanini ta’kidlagan. Bu orqali u Ukraina mustaqilligini shubha ostiga qo‘ygan. Bu esa xalqaro huquq me’yorlariga mutlaqo zid hisoblanadi.
Izoh (0)