Toshkentda 25-may kuni Xitoy kompaniyalari bilan investitsiyalar va savdo sohalariga oid qator hujjatlar imzolandi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, hujjatlar Xitoyning Futszyan provinsiyasi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida imzolandi.
Tadbir davomida Xitoyning Xiamen ITG Group, Fujian Xinwancheng Investment, Fujian Sitong Stone Company, Fuzhou Fuqiang Precision kabi yirik kompaniyalari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan 20 dan ortiq kelishuvlar tuzildi. Kelishuvlar qurilish materiallari ishlab chiqarish, tog‘-kon sanoati, to‘qimachilik, avtomobilsozlik va boshqa ustuvor yo‘nalishlarni qamrab oldi.
Shuningdek, Xorijiy investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash agentligi va Xitoy xalqaro investitsiya va savdo yarmarkasi (CIFIT) tashkilotchilari o‘rtasida O‘zbekistonga investorlarni jalb qilish va xorijiy kompaniyalar o‘rtasida yirik sarmoyaviy loyihalarni ilgari surish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Futszyan provinsiyasi Xitoyning iqtisodiy rivojlangan hududlaridan biridir. Viloyat yalpi ichki mahsuloti 2024-yilda taxminan 800 milliard dollarni tashkil etdi. Ushbu provinsiyada joylashgan va kelishuv imzolangan kompaniyalardan biri Fuzhou Fuqiang Precision kompaniyasi 2005-yilda tashkil etilgan bo‘lib, avtomobil detallari va elektromobil akkumulyatorlari uchun issiqlik izolyatsiyasini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Izoh (0)