Joriy yil aprel—iyun oylarida mamlakatdagi qator sohalarda ishchi kuchiga talab yuqori shakllandi. Bu bo‘yicha Markaziy bank ochiq manbalarda onlayn eʼlon qilib boriladigan ish o‘rinlari maʼlumotlarini o‘rgandi.

Tahlilga ko‘ra, 2025-yil II choragida mehnat bozorida taklif etilayotgan bo‘sh ish o‘rinlari soni I chorakdagidan 28,7 foizga oshgan. Eng ko‘p ish takliflarini savdo (19,4 foiz), umumiy ovqatlanish (17,5 foiz) va ishlab chiqarish (16,8 foiz) korxonalari bildirgan.
O‘tgan chorakda maxsus ko‘nikma va malakaga ega bo‘lgan ish qidiruvchilar tomonidan foydalaniladigan manbalarda faol mehnat arizalari (rezyumelar) soni ko‘paygan. Savdo, xizmat ko‘rsatish, marketing va reklama sohalarida rezyumelar soni sezilarli oshgan. Shu bilan birga, joriy yil davomida onlayn ish qidirish faolligi dinamikasi so‘nggi yillarga nisbatan pasayish tendensiyasini namoyon etgan.
“2025-yil II choragida vakansiyalar soni o‘sishi mavsumiy omillar, jumladan iqtisodiy faollik jonlanishi va talab oshishi bilan bog‘liq. Biroq vakansiyalar soni ortib borishi sharoitida onlayn ish qidirish faolligi pasayishi mehnat bozorida talab va taklif o‘rtasida nomutanosibliklar kuzatilayotganini bildiradi”, deyiladi manbada.
Markaziy bank o‘tkazgan iqtisodiy faollik bo‘yicha so‘rovda kelgusi oylarda ish o‘rinlari sonini oshirishni kutayotgan tadbirkorlar ulushi pasaygan. Jumladan, II chorak davomida o‘rtacha 30,2 foiz (I chorakda 36,3 foiz bo‘lgan) tadbirkorlar kelgusi uch oyda ish o‘rinlari sonini oshirishini bildirgan. Ish o‘rinlarini ko‘paytirishini qayd etgan tadbirkorlar ulushidagi pasayish asosan sanoat va xizmatlar sohalarida kuzatilgan. Bunda sanoat sohasidagi respondentlarning 26,8 foizi (o‘tgan yil mos davrida 33,7 foiz), xizmatlar sohasida esa 29,1 foizi (32,4 foiz) kelgusi davrlarda ish o‘rinlari sonini oshirishni rejalashtirgan.
O‘tgan chorakda ish o‘rinlari sonini joriy holatda saqlab qolishni bildirgan tadbirkorlar ulushi I chorakdagi o‘rtacha 56,4 foizdan II chorakda 61,2 foizgacha o‘sgan.
2025-yil II choragida mamlakatda ish haqining nominal o‘sish surʼati yillik 17,2 foiz, real o‘sish surʼati 7,3 foiz bo‘lgan.
“Bunda o‘rtacha oylik ish haqi qariyb 6 million so‘mga teng bo‘ldi. Sohalar kesimida moliya va sug‘urta, axborot hamda kommunikatsiya xizmatlari yo‘nalishlarida o‘rtacha ish haqining boshqa sohalarga nisbatan yuqori shakllanishi saqlanib qoldi (mos ravishda 16,3 va 14,8 million so‘m)”, deya qayd etgan Markaziy bank.
II chorak davomida axborot, transport va ijtimoiy xizmatlar xodimlarining ish haqi qolgan tarmoqlar ishchilarinikiga qaraganda real va nominal qiymatlarda yuqoriroq o‘sgan. Ish haqining eng kam o‘sishi qurilish sohasida kuzatilgan. Quruvchilar o‘rtacha ish haqi nominal qiymatda yillik 6,1 foizga oshgan bo‘lsa-da, real qiymatda 2,8 foizga kamaygan.
2025-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyotida 14,6 million kishi ish bilan band, ishsizlar soni esa 800 ming nafarni tashkil etgan. Mehnat bozorida qamrab olinmagan aholi, jumladan bolalar, talabalar, nafaqaxo‘rlar va boshqalar soni 22,5 million nafar. Shundan mehnatga layoqatli yoshgacha bo‘lgan aholi soni 12 million nafarga teng.
Izoh (0)