“Daryo” Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov bilan suhbat uyushtirdi. Poytaxtning sobiq prokurori 2022-yil Surxondaryo viloyatiga rahbar etib tayinlangan bo‘lsa, shundan beri ilk marotaba ommaviy axborot vositalari vakillariga intervyu berdi. Hokim suhbat davomida prokurorlikdan hokimlikka o‘tish masʼuliyati, viloyat rahbarligining yuki, hamkasblari — viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari o‘rtasidagi samimiy muloqot, hokimlarning bosh vazirga qo‘ng‘iroq qilish imkoniyati va Erkinjon Turdimovning ustozligi haqida gapirdi.
Ulug‘bek Qosimov “Daryo” jurnalisti bilan suhbati chog‘ida viloyatda olib borayotgan ishlari va ularning natijasini gapirish barobarida hokimlik borasida ustozi kim ekaniga ham aniqlik kiritdi.
-Qxr1zvlA.avif)
Men tuman hokimi sifatida ishlab yurgan paytda Surxondaryo viloyatida Erkinjon Oqbo‘tayevich hokim edi. Bizni tarbiyalab, hokimlikka o‘rgatgan shu kishi bo‘ladi. U kishining talabchanligini bilasiz. Juda qattiq ishlaydi. Hozirgacha maslahat olamiz. Telefon qilib, tushunmagan joylarimizni so‘raymiz. Yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi. U kishi shundayki, muammoning oson yechimini aytadi. Shu sabab ham qo‘l ostida ishlaydiganlarga oson. Biror bir ishni buyursa, uni mana shu yo‘l bilan qilasan deb oddiy yechimini ham o‘zlari ko‘rsatadi, deydi Ulug‘bek Qosimov.
Viloyat rahbari shuningdek, Qashqadaryo viloyati hokimi Murodjon Azimov, Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimovlar bilan ham maslahatlashib turishini bildirdi.
-gfaVZbSr.avif)
Hamkasbim, qo‘shni viloyat hokimi Murodjon Berdialiyevich bilan deyarli har ikki-uch kunda topshiriqlar yuzasidan gaplashib, maslahatlashib turamiz. Nima qilyapsiz, bu topshiriq ijrosini qanday qilyapsiz deb maslahatlashib turamiz. Xorazm viloyat hokimi bilan ham gaplashib turamiz. U kishining ishlari ham birinchilikda. Nima qildingiz, qanday qildingiz deb so‘rab turamiz, deydi hokim.
Surxondaryo hokimi bosh vazir Abdulla Aripov ham hokimlar bilan muloqotga ochiqligini taʼkidlab, viloyat rahbarlari o‘zlarini o‘ylantirayotgan masala yuzasidan Bosh vazirga shaxsan qo‘ng‘iroq qilib, bildirish imkoni borligini qo‘shimcha qildi.
-UdhxYPdm.avif)
Hokimlar o‘zaro maslahatlashishdan tashqari nafaqat vazirlar, Bosh vazirga ham kecha-yu kunduz to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘ng‘iroq qilib, mana shu masalamiz yechilmayapti desak, vazirliklardan qattiq reaksiya bo‘ladi, deydi u.
Hokim shuningdek, davlat rahbarining topshirig‘i bilan Prezident administratsiyasidagi masʼullar bilan ham to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘lanib, yechimini kutayotgan masalalarni bildirish va yordam olish imkoniyati yaratilganini aytmoqda.
Prezidentimiz topshirig‘i bilan bugun tizim shunday yaxshi ishlayaptiki, biz administratsiyadagi masʼullar bilan ham gaplashib, muammoni to‘g‘ridan to‘g‘ri aytib, 2-3 kunda yechimini topish imkoniyatiga egamiz. Bugungi kunda muammo yechimini kutib o‘tirmaysiz. Hokimlar bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar va masʼullarga qo‘ng‘iroq qilib, masala qo‘ysa yo‘q degan narsa yo‘q. Faqat viloyatda harakat qilib ishlasangiz, ularning bari sizga yordamchi bo‘ladi. Prezidentimiz shunday tizim qilgan, deydi Ulug‘bek Qosimov.
-iPwVJf7h.avif)
Viloyat rahbari Surxondaryodagi tuman va shahar hokimlarini bir yilda ikki marotaba Toshkentga yuborishini va ular o‘zini qiynayotgan masala yuzasidan shaxsan vazirga kirib, maslahatlashishini talab qilishini aytmoqda.
Mening o‘zim tuman va shahar hokimlarini har olti oyda Toshkentga yuboraman. Ular tumanidagi muammolarni yozib olib, shaxsan o‘sha soha vaziri bilan muloqot qiladi. Vazirlar ham tuman hokimlari yoniga kirib, hududida shu vazirning sohasiga doim muammo borligini aytsa, vazirlar ham boshqacha qabul qiladi. E, shu arzimas muammo yechilmay turibdimi deb, birgalashib hal qiladi, deydi viloyat rahbari.
Ulug‘bek Qosimov hokimlar orasida o‘zaro muloqotdan tashqari hazil-mutoyiba gurunglar bo‘lishini ham taʼkidladi.
Izoh (0)