Bugun, 22-avgust kuni Turkmanistonda prezidentlar Shavkat Mirziyoyev, Ilhom Aliyev va turkman xalqi milliy yetakchisi Gurbanguli Berdimuhamedov uchrashdi. Muloqotda savdo-iqtisodiyot, transport-kommunikatsiya, energetika va gumanitar sohalardagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Muzokaralar yakunida tomonlar uchala davlat o‘rtasida qo‘shma bayonot qabul qildi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yetakchilar huzurida transport va logistika, kemasozlik va fuqaro aviatsiyasi sohalarida hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar, Tovar-xomashyo birjalari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim va boshqa hujjatlar imzolangan.


Joriy yil 5-avgust kuni Turkmanistonda BMTning dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha 3-konferensiyasi o‘tkazilgandi. Anjuman doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkman xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Ozarbayjon bosh vaziri Ali Asadovning uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tgan. Uchrashuvda mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni ilgari surish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Muloqotda energetika, transport va logistika, sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalarida kooperatsiya uchun imkoniyatlar mavjudligi qayd etilgan. Amaliy hamkorlikning istiqbolli loyihalarini ishlab chiqish uchun mazkur formatdagi muloqotlarni davom ettirishga kelishib olingan.
Izoh (0)