Texnologik taraqqiyot haqida gapirish yoqimli, ayniqsa, elektron qurilmalar va dasturlar bizning yordamchilarimizga aylanishini ko‘rganimizda. Ammo har qanday jarayon singari, texnologiyaning jadal rivojlanishi ham o‘ziga xos salbiy ta’sirga ega. Qurilmalar hayotimizni yengillashtirayotgani rost, biroq ular, ma’lum bo‘lishicha, psixologik jarohatlar ham yetkazmoqda. Endi balandlik yoki qorong‘ilikdan qo‘rqish kabi fobiyalar unchalik dolzarb emas — ularning o‘rnini gadjetlardan qo‘rqish egallamoqda.

Zamonaviy fobiyalar: texnologiyaning soyasida yashirin tahdidlar
Bugungi kunda zamonaviy qurilmalar bilan bog‘liq bo‘lgan bir qancha yangi fobiya turlari shakllanmoqda. Quyida ularning eng keng tarqalganlarini ko‘rib chiqamiz.
Nomofobiya — smartfonsiz qolish yoki uni ishlata olmaslikdan qo‘rqish

Asosiy belgilar: smartfonning quvvati tugashi, yo‘qolib qolishi yoki buzilishi haqida o‘ylashning o‘zidayoq bezovtalik yuzaga keladi. Bu holat odamni muloqotdan, internet orqali axborot izlash imkoniyatidan mahrum bo‘lishdan cho‘chitadi.
Texnofobiya — texnik taraqqiyotdan qo‘rqish

Asosiy belgilar: yangi gadjetlardan foydalanishga nisbatan salbiy munosabat, shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligidan xavotir, qurilmalar orqali kuzatuv ostida qolishdan qo‘rquv.
Kiberfobiya — kompyuter va internetdan qo‘rqish

Asosiy belgilar: kiberjinoyatchilarning qurboni bo‘lish va shaxsiy ma’lumotlarning yo‘qolishidan xavotir, buzib kirish ehtimoli tufayli ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochishni istamaslik, gadjetlardagi ma’lumotlarni viruslardan himoya qilishga nihoyatda e’tibor berish.
Fonofobiya — kuchli shovqindan qo‘rqish, ba’zida telefon qo‘ng‘iroqlaridan qo‘rqish sifatida talqin qilinadi

Asosiy belgilar: kiruvchi telefon qo‘ng‘irog‘i yoki bildirishnoma tovushidan stress va xavotir, noqulay suhbatdosh bilan uchrashish yoki yomon xabar eshitishdan qo‘rqib, qo‘ng‘iroqlarga javob bermaslik yoki xabarlarga munosabat bildirmaslik.
Informofobiya — axborot olishdan bosh tortish
Asosiy belgilar: yangiliklarni o‘qish, ijtimoiy tarmoqlar, Telegram kanallari va boshqa manbalarni kuzatgandan keyin axborot to‘lib-toshganlikni his qilish. Bunday xavotir olingan barcha ma’lumotlarni qayta ishlay olmaslikdan kelib chiqadi.
Skrinfobiya — gadjetlarning ekranlariga uzoq vaqt qarashdan qo‘rqish

Asosiy belgilar: elektron qurilmalar sog‘liq, xususan, ruhiyatga zarar yetkazishi va ko‘rishni yomonlashtirishi haqida takroriy xavotirli fikrlar.
Avtonomofobiya — batareyaning tugashi va qurilmani o‘z vaqtida zaryad qilishning imkonsizligidan qo‘rqish

Asosiy belgilar: gadjet batareyasining zaryad darajasini juda qattiq nazorat qilish, batareya deyarli tugaganida tezda zaryad olish joyini izlash.
Gadjetlar aslida bizga yordam berish va hayotni yengillashtirish uchun yaratilgan. Ammo ularni me’yordan ortiqcha ishlatish ayrim psixologik holatlarga sabab bo‘lishi mumkin. Yuqorida sanab o‘tilgan fobiyalar ko‘pchilikda yashirin shaklda bo‘lsa-da, kundalik hayotga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Psixologlarning aytishicha, barcha qo‘rquvlarni yengish mumkin, buning uchun avvalo o‘zingizni tahlil qilib, sabablarini topishingiz kerak. Avvalo sababni aniqlab, uni yo‘q qilishdan boshlang.
Izoh (0)