Garvrard universiteti AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati universitetni 2,2 milliard dollarga moliyalashtirishni muzlatib qo‘ygani uchun sudga berdi. Bu haqda universitet prezidenti Alan Garber ma’lum qildi.
-_CrmOT9b.avif)
Direktor Tramp administratsiyasi harakatlarining oqibatlari “jiddiy va uzoq muddatli bo‘lishi”ni qayd etdi. U tibbiy, ilmiy va texnologik tadqiqotlarning qisqarishi “amerikaliklar hayotini saqlab qolish qobiliyatiga putur yetkazishi”ni ta’kidladi. Oqibatda “Amerikaning innovatsiyalar sohasidagi jahon yetakchisi sifatidagi mavqeyini zaiflashtirishini” bildirdi.
Biz moliyalashtirishni muzlatib qo‘yishni bekor qilish uchun sudga murojaat qildik, chunki bu noqonuniy va hukumat vakolatlari doirasidan tashqarida amalga oshirilgan, dedi Garber.
U AQSH rasmiylari o‘z harakatlarining izohi sifatida universitet kampuslaridagi antisemitizm namoyishlariga ishora qilganini ta’kidladi.
Yahudiy va amerikalik sifatida antisemitizmning kuchayishi haqida asosli xavotirlar borligini juda yaxshi bilaman. Bu muammoni samarali hal qilish uchun tushunish, intilish va hushyorlik zarur. Garvard bu ishga jiddiy qaraydi. Biz qonuniy majburiyatlarimizni to‘liq bajarayotganimiz sababli nafratga qarshi kurashni davom ettiramiz. Bu nafaqat bizning yuridik mas’uliyatimiz, balki ma’naviy burchimizdir, dedi u.
51 sahifadan iborat hujjatda Garvard suddan moliyalashtirishni muzlatib qo‘yishni bekor qilishni va hukumatning 3 va 11-aprelda yo‘llagan maktublarida bayon etilgan talablarni noqonuniy deb topishni so‘ramoqda. Da’vo Boston federal sudiga topshirilgan. Unda turli amaldorlar va hukumat agentliklari javobgar sifatida ko‘rsatilgan.
Oq uy vakili Xarrison Filds Garvard universitetining da’vosiga munosabat bildirar ekan, Garvard kabi muassasalar uchun federal yordam dasturi yakuniga yetayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “soliq to‘lovchilarning mablag‘lari — bu imtiyoz, Garvard esa ushbu imtiyozdan foydalanish uchun zarur bo‘lgan asosiy shartlarni bajarmayapti”.
Trampning Garvard universitetiga qo‘ygan talablari
Amerika hukumati 11-aprel kuni Garvardga rasmiy maktub yo‘llab, universitet agar keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirsa, federal moliyalashtirishni saqlab qolishi mumkinligini bildirgan. Aks holda deyarli 9 milliard dollarlik moliyaviy yordamni to‘xtatish bilan tahdid qilgan.
Tramp ma’muriyatining fikricha, o‘tgan yili G‘azo sektoridagi urushga qarshi o‘tkazilgan namoyishlar paytida Garvard va boshqa Amerika oliy o‘quv yurtlarida antisemitizmga yo‘l qo‘yilgan. Shu sababli Garvard universitetiga quyidagi talablar qo‘yilgan:
boshqaruv tizimini isloh qilish;
ilmiy faoliyatdan ko‘ra faollikka (aktivizmga) berilgan professor-o‘qituvchilarning ta’sirini kamaytirish;
AQSH qadriyatlariga nisbatan dushmanona munosabatda bo‘lgan talabalarni qabul qilmaslik;
shuningdek, xulq-atvor qoidalarini buzgan “grin karta” egalari haqida politsiyaga xabar berish.
Garvard prezidenti Alan Garber 14-aprel kuni universitet hukumatning bu talablarini bajarmasligini ma’lum qildi. Shundan so‘ng AQSH hukumati universitetga ajratilgan 2,2 milliard dollardan ortiq miqdordagi grant va shartnomaviy mablag‘larni muzlatib qo‘ydi.
Izoh (0)