O‘zbekiston prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva AQSHda ilm-fan va boshqa sohalarda muvaffaqiyatlarga erishayotgan o‘zbekistonliklar bilan uchrashib, ular bilan suhbatlashdi. Bu haqda u o‘zining Telegram dagi kanalida ma’lum qildi.
Ular qatorida Kolumbiya universitetida O‘zbekistondan birinchi ayol-professor Aziza Shonazarova, Viskonsin universiteti katta ilmiy xodimi Bekzod Hoshimov, Garvard universiteti katta ilmiy xodimi Botir Qobilov ham bor.
Saida Mirziyoyeva ilm-fan va boshqa sohalarda yuksak muvaffaqiyatlarga erishayotgan o‘zbekistonliklar yildan-yilga ko‘payib borayotganidan xursandligini bildirgan.
“Yigit-qizlarimiz mehnati jahonning eng nufuzli ta’lim muassasalarida qanday e’tirof etilayotganini ko‘rib, g‘ururlanaman. Va ishonamanki, vaqti kelib bu yoshlarimiz yurtimiz ilm-fanini rivojlantirishga ham o‘z hissalarini qo‘shadilar”, — deb yozadi Mirziyoyeva.
Ma’lumot uchun, ayni paytda prezident Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan AQSHda bo‘lib turibdi. Davlat rahbari u yerda yashayotgan va ishlayotgan bir guruh vatandoshlar hamda ushbu mamlakatning yetakchi oliy taʼlim dargohlarida tahsil olayotgan “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari bilan uchrashdi.
Izoh (0)