AQSH Davlat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari, tadbirkor Ilon Mask “so‘l kuchlarning hujumlari”dan charchagani sababli Amerika hukumatidagi vazifasini tark etishni istayapti. Bu haqda Washington Post gazetasi anonim manbaga tayanib xabar bermoqda.

Nashrda ta’kidlanishicha, Maskning maxsus hukumat xodimi sifatidagi maqomi joriy yilning may oyida tugaydi va bu muddat uzaytiriladimi yoki yo‘qmi, hozircha noma’lum.
“Mask ketmoqchi, chunki u so‘llar tomonidan bo‘layotgan yoqimsiz va axloqsiz hujumlar oqimidan charchagan, deb hisoblaydi”, deyiladi gazeta xabarida.
Shu bilan birga, Mask hozirda o‘zi boshqarayotgan DOGE’ning kelgusi faoliyati haqida xavotirlanmayapti, chunki uning jamoa a’zolari allaqachon “ko‘plab federal agentliklarda” mustahkam o‘rnashib olgan.
Oq uyning nomi oshkor etilmagan yuqori martabali xodimi Washington Post nashriga aytishicha, DOGE tarixiy natijalarga erishgan.
AQSH prezidenti Donald Tramp qarori bilan tashkil etilgan DOGE “behuda sarf-xarajatlarni qisqartirish va federal agentliklarni qayta tashkil etish” uchun mo‘ljallangan. AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson yaqinda Davlat boshqaruvi samaradorligi departamenti AQSH hukumatining Kongressda ruxsat olinmagan “hayratlanarli darajadagi” xarajatlarini aniqlaganini ma’lum qilgan edi.
Izoh (0)