AQSH o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha Ukrainaga o‘z takliflarini yetkazdi. Mazkur takliflar Qrimni Rossiyaniki deb tan olishni, Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishini istisno etishni nazarda tutadi. Bu haqda manbalarga tayanib, Wall Street Journal xabar berdi.

Takliflar 17-aprel kuni Oq uyning yuqori lavozimli amaldorlari tomonidan Ukraina va Yevropa rasmiylariga taqdim etilgan hujjatda keltirilgan. Vashington bu borada Kiyevning munosabatini kutmoqda. Agar tomonlar pozitsiyalari mos kelsa, takliflar Rossiyaga ham taqdim etilishi mumkin.
AQSH o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Donbass respublikalari, shuningdek, Zaporojye va Xerson viloyatlari ustidan Rossiyaning nazoratini tan olmaydi. Biroq bu hududlardan Rossiya qo‘shinlarini olib chiqish talabi ilgari surilmagan.
Ukrainaning bosib olingan to‘rtta viloyati holati
Mazkur hududlarning Rossiyaga tegishli deb xalqaro darajada tan olinishi va u yerdan Ukraina qo‘shinlarining to‘liq chiqib ketishi o‘tgan yili Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan tinchlik muzokaralarini boshlash uchun shart sifatida ilgari surilgan. Kiyev bu talablarni ultimatum deb atagan. Rossiya ham, Ukraina ham hududiy yon berish imkoniyatini istisno etadi.
Oq uyning takliflari Zaporojye atom elektr stansiyasi (ZAES) atrofidagi hududlarga neytral maqom berish va bu hududlarni AQSH nazorati ostiga topshirishni ham nazarda tutadi. AQSH Ukraina armiyasi sonini cheklashni taklif qilmayapti, G‘arbning harbiy yordam ko‘rsatish yoki Yevropa qo‘shinlarini Ukraina hududida joylashtirish imkoniyatini ham istisno qilinmagan.
AQSH Davlat departamentining yuqori martabali vakili takliflar “ol yoki ket” tamoyiliga asoslanmaganini, balki Kiyevdan ularni sinchiklab ko‘rib chiqish so‘ralganini ta’kidlagan.
Bu faqat ehtimoliy variantlar ro‘yxati bo‘lib, ular muhokama va fikr-mulohaza olish uchun taqdim etilgan, deya izoh bergan u.
Murosasiz pozitsiyalar
Takliflar na Ukraina, na Rossiya talablariga to‘liq javob bermaydi. Ukraina Qrimning anneksiyasini tan olishni istamaydi, Rossiya esa bosib olingan yana to‘rtta hududni o‘zining hududi deb hisoblaydi.
G‘arb rasmiylarining fikricha, bu takliflar Rossiyaning boshqa talablarini — Ukraina qurolli kuchlari sonini cheklash, Kiyevga harbiy yordamni to‘xtatish va Ukrainada Yevropa qo‘shinlarini joylashtirmaslik masalalarini o‘z ichiga olmaydi.
Izoh (0)