Qashqadaryo viloyatidagi maktablarda virtual laboratoriyalar tashkil qilinadi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Qayd etilishicha, maxsus ko‘zoynaklar orqali tarix fani o‘tilayotgan bo‘lsa, darslikda keltirilgan tarixiy shaharlarga bevosita sayohat qilish mumkin. Biologiya darsida esa odam organizmi bilan jonli tanishish imkonini beruvchi tasvirlarni ko‘rish mumkin.
Kelgusida Qashqadaryo viloyatidagi maktablarda ham xuddi shunday virtual laboratoriyalar tashkil etilishi mumkin. Lekin eng avvalo bu turdagi raqamli texnologiyalarni o‘quvchilarga o‘rgatuvchi pedagog xodimlarni tayyorlash lozim ekani ta’kidlangan.
Virtual laboratoriya — bu o‘quvchilarga haqiqiy laboratoriya muhitida ishlash imkonini beruvchi dasturiy ta’minot. O‘quvchilar virtual o‘quv muhitida simulyatsiyalar orqali tajribalarni amalga oshiradi, ma’lumotlarni tahlil qiladi va natijalarni o‘rganadi.
Interaktiv dasturiy vositalar o‘quvchilarni digital ta’limga jalb qilish, onlayn darslarni tashkil etish va o‘quv jarayonlarini yanada qiziqarli qilish imkonini beradi. Shuningdek, o‘quvchilarni baholashni osonlashtiradi va o‘qituvchilarga o‘qish jarayonini yaxshilashga yordam beradi.
Virtual laboratoriyalarning afzalliklari xavfli kimyoviy moddalar bilan ishlashning hojati yo‘q, xavfsiz amaliyot o‘tkazish imkoniyati bor, an’anaviy laboratoriya uskunalariga qaraganda ancha arzon. Har qanday vaqtda va joyda foydalanish imkoniyati mavjud bo‘lib, atomlar hamda molekulalarning o‘zaro ta’sirini katta o‘lchamda kuzatish mumkin. Ko‘proq tajriba o‘tkazish, natijalarni tezroq olish imkoniyatini beradi.
Hozirda viloyat pedagogik mahorat markaziga 16 dona mana shunday Meta Quest 3 ko‘zoynaklari keltirilgan va ushbu yo‘nalish bo‘yicha poytaxtda tajriba orttirib kelgan mutaxassislar viloyatdagi maktablarning pedagog xodimlariga o‘z tajribalarini ulashmoqda.
Loyihaning keyingi bosqichlarida barcha maktablarda shunday virtual laboratoriyalar tashkil etiladi va ushbu yo‘nalishda mahoratini oshirgan pedagog xodimlar o‘quvchilarga ta’lim tarbiya berishi mo‘ljallangan.
Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yig‘ilishida aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha virtual laboratoriyalar tashkil etilishi ma’lum qilingan edi.
Shuningdek, maktab tizimida o‘qituvchi o‘z imkoniyati va yutuqlarini, yangi ishlanmalarini e’lon qilishi uchun yagona onlayn platforma yaratilishi aytildi.
Selektorda, bundan tashqari, O‘zbekistonda o‘quvchisi xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan o‘qituvchilar 150 mln so‘mgacha mukofotlanishi qayd etilgan.
Izoh (0)