Buxoro shahridagi xususiy LOR klinikasida 11 yoshli bola vafot etgandi. Bosh prokuratura matbuot xizmati holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, bola “proba”siz ukol qilinishi oqibatida vafot etgan. Bola sportchi bo‘lgan, qulog‘i og‘rib, otasi bilan klinikaga murojaat qilgan. Bola vafot etgach, klinikada 13 kun davomida reanimatsiyada saqlangan. Bolaning o‘limi oshkor bo‘lgach, klinika rahbari bolaning ota-onasiga 30 ming dollar berib, vaziyatni tinchitmoqchi bo‘lgan.
Bosh prokuratura bergan ma’lumotga ko‘ra, ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlarni tekshirish hamda bir qator tergov harakatlari o‘tkazish lozimligini inobatga olib, Jinoyat kodeksining 116-moddasi (kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Barcha zarur tergov harakatlari o‘tkazilganidan so‘ng ish bo‘yicha qonuniy to‘xtamga kelinadi.
Farg‘onadagi xususiy klinikada ham yana bir o‘lim qayd etildi. Xususiy klinikaga burun operatsiyasi uchun kirgan 33 yoshli erkak shifoxonadan o‘lik holda chiqdi. Marhumning turmush o‘rtog‘i “Daryo”ga ma’lum qilishicha, turmush o‘rtog‘i 10-aprel kuni kechki soat 18:00 da operatsiyaga kirgan va 22:30 da esa uning vafot etgani maʼlum bo‘lgan.
Bosh prokuratura axborot xizmati vafot etgan bemor Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining viloyat boshqarmasi xodimi ekanini ma’lum qildi. Holat yuzasidan Farg‘ona viloyati prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.
“Mitti vayn” taxallusi bilan tanilgan 27 yoshli vayner Farhod Mannopov ham 2023-yil mart oyida Toshkentning Chilonzor tumanida joylashgan xususiy klinikalardan birida vafot etgandi. U ham klinikaga burnini operatsiya qildirish maqsadida borgandi.
Izoh (0)