Germaniyaning Kil shahrida Ikkinchi jahon urushi davridagi aviabomba topilgani sababli 11 mingdan ziyod kishi evakuatsiya qilinmoqda. Bu haqda shahar rasmiy veb-saytida ma’lum qilingan.

“23-aprel kuni Kil shahrining Yohannisburgershtrase ko‘chasida bomba zararsizlantiriladi. Taxminan 6570 ta xonadondagi 11670 nafar aholini ko‘chirish zarur”, deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, zararsizlantirish jarayonida rejalashtirilgan qisman portlash ham yuz berishi mumkin. Hodisa joyiga yetib kelgan sapyorlar bomba korpusi yaxshi holatda ekanligini va uni xavfsiz tarzda zararsizlantirish mumkinligini bildirishgan.

Ta’kidlanishicha, bu so‘nggi o‘n yil ichidagi, balki shahar tarixidagi eng keng ko‘lamli ko‘chirish tadbiriga aylanishi mumkin. Ko‘chirish hududiga shahardagi tumanlardan birining sezilarli qismi kiritilgan.

17-aprel kuni Kyoln shahrida ham Ikkinchi jahon urushi davriga oid bomba topilgani sababli sakkiz mingga yaqin kishi ko‘chirilgan. Portlamagan snaryad Kyolnning Zyulze tumanidagi qurilish ishlari paytida aniqlangan.
Bu Kyolnda Ikkinchi jahon urushi davriga oid o‘q-dorilar topilgan birinchi holat emas. Xuddi shu sababga ko‘ra, shaharda 2024-yil 3-aprelda ham odamlar ko‘chirilgan. O‘sha paytda, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Amerika aviatsiya bombasi bo‘lgan snaryad, Kyoln Doytsdagi Reyn daryosida ekskavator ishlayotganda topilgan.
Izoh (0)