Namangan viloyatida ikki sinfdosh ijaraga olingan mashinada YTHga uchradi. Bu haqda YHXX xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, 15-aprel kuni Yangi Namangan tumanidagi 70-maktabining ikki nafar 8-sinf o‘quvchilari avtomashinani ijaraga berish bilan shug‘ullanadigan guruhdan 1 mln so‘m evaziga Sparkʼni 8 soatga ijaraga olgan.
Bolalar mashinani boshqarib ketayotgan vaqtida tezlikni meʼyordan oshirishi oqibatida yo‘l chetidagi beton to‘siqqa urilgan. Hodisada bolalar turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Qayd etilishicha, mazkur maktabda YHXB tomonidan muhokama yig‘ilishi avval o‘tkazilgan bo‘lib, aynan shu bolalarning mashina boshqargani uchun ota-onalari, ustozlari, masʼullar ogohlantirilgan.
“120 tezlikda tormozim ishlamay qoldi. Pulni dadamning ishxonasidan olgan edim. Voqeadan uning xabari yo‘q”, deydi bolalardan biri.
Yo‘llarda bolalar o‘limi
2024-yil noyabr oyida Jizzax viloyatining Baxmal tumanida Cobalt katta tezlikda voyaga yetmagan ikki qizni urib yubordi. Shuningdek, Samarqandda avtobus maktab yaqinida yo‘lni kesib o‘tayotgan bolani urib yuborib, uning o‘limiga sabab bo‘lgandi. Surxondaryoda 1-sinf o‘quvchisi Nexia urib yuborishidan vafot etgandi.
Senat bergan ma’lumotga ko‘ra, 2024-yilning 5 oyi davomida jami 359 nafar o‘quvchi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan va 65 nafar o‘quvchi halok bo‘lgan, 294 nafar o‘quvchi esa turli darajada tan jarohatlari olgan. 2023-yilda bolalar bilan bog‘liq 1 794 ta YTH yuz berib, ularda 1 568 nafar bola jarohatlangan, 263 nafari vafot etgan.
Sentyabrda Toshkentda BYD 9 yoshli maktab o‘quvchisini urib yuborib, uning o‘limiga sababchi bo‘lgandi. Xuddi shu kabi holat iyul oyida Navoiy viloyati Xatirchi tumanida sodir bo‘lgan. Katta tezlikda harakatlanayotgan BYD piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan 9 yoshli qizaloqni bosib ketgan. O‘sha oyda Samarqandda 7 yashar bola avtomobil urib ketishi oqibatida vafot etdi. Aprelda Jizzaxda sodir bo‘lgan YTH oqibatida ikki nafar maktab o‘quvchisi halok bo‘ldi.
Bolalar ishtirokida ayanchli YTHlar ko‘paygach, jamoat faollari yo‘llarda bolalar o‘limi uchun siyosiy javobgarlik bo‘lishi kerakligini aytdi.
Izoh (0)