“Tashabbusli byudjet” jarayonlarining 2025-yil 2-mavsumi doirasida saralash bosqichi yakunlandi hamda targ‘ibot bosqichi boshlandi. Bu haqda 19-avgust kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, 2-mavsum doirasida aholidan 22 ming 623 ta taklif kelib tushgan. Shundan 18 ming 656 tasi saralash bosqichidan o‘tkazilgan.
Joriy yil 19–21-avgust kunlari saralashdan o‘tgan loyihalar uchun targ‘ibot bosqichi o‘tkaziladi. Bunda ishtirokchilar loyihalarni targ‘ib qilish orqali ovoz berish jarayoniga tayyorgarlik ko‘radi.
“Tashabbusli byudjet”ning 2-mavsumi joriy yil 15-iyuldan boshlangandi. Mazkur mavsum 31-avgustgacha davom etadi. Targ‘ibotdan keyin, 22-31-avgust kunlari ovoz berish bosqichi o‘tkaziladi. G‘oliblar 1-sentyabr kuni eʼlon qilinadi.
“Tashabbusli byudjet”ning joriy yilgi 1-mavsumida 2 ming 11 ta mahalla g‘olib deb topilgan. Shundan 329 tasigina birinchi marta g‘olib bo‘lgan. Mazkur mavsumda 2024-yil 2-mavsumida yutib chiqqan 826 ta mahalla takroran g‘olibga aylangan. Shu sabab ularga joriy yilgi 2-mavsum hamda 2026-yilgi 1-mavsumda tanaffus berilgan.
Maʼlumot uchun, 2025-yilda “Tashabbusli byudjet” jarayonining ikkita mavsumi uchun davlat byudjetidan jami 5,4 trillion so‘m ajratilishi belgilangan. Jarayonga tuman va shahar byudjetlari qo‘shimcha mablag‘larining kamida 30 foizi ham yo‘naltiriladi. Umumiy olganda, tashabbusli loyihalarni moliyalashtirish hajmi 6 trillion so‘mga yetishi kutilmoqda.
Izoh (0)