Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi Rakat masjidi imom-xatibi Rabbimqul Muhammadiyev Madina shahrida vafot etdi.

Masjid Telegram-kanalida xabar qilinishicha, imom Madinada betob bo‘lib, komaga tushib qolgan va 26-may kuni tongda vafot etgan. U 2025-yil haj mavsumida o‘zbekistonlik ziyoratchilarga ellikboshi sifatida yuborilgandi.
O‘zbekiston Musulmonlari idorasining ma’lum qilishicha, Rabbimqul Muhammadiyev 23-may kuni Toshkent—Madina yo‘nalishida Toshkentning 38-guruh ziyoratchilari guruh rahbari sifatida yo‘lga chiqqan. Parvoz davomida uyquga ketgan va shu holatda uyg‘onmagan.
Madina xalqaro aeroporti shifokorlari tomonidan ko‘rilganda ahvoli o‘ta og‘ir, behush bo‘lgan, savollarga javob bermagan. Shundan so‘ng klinikaga joylashtirilgan. Bosh miya qon aylanishi o‘tkir buzilishi, miya o‘zagi strukturalari o‘zgarishlari, bosh miya shishishi tashxisi qo‘yilgan. 24-mayda operatsiya o‘tkazilgan, biroq ahvoli og‘irligicha saqlanib qolgan va 26-mayda vafot etgan.
Rabbimqul Muhammadiyev 1997-yildan buyon imom-xatib lavozimida faoliyat yuritib kelgan. 2019-yil iyulidan Rakat masjidi imom-xatibi edi. Undan avval Toshkent shahridagi “Oq tunukali”, “Ibrohim ota”, “Imom Termiziy” jome masjidlarida xizmat olib borgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, “Haj – 2025” mavsumida hojilarga 14 nafar mingboshi, 303 nafar ellikboshi xizmat qiladi.
Izoh (0)