Ukraina Rossiyadagi nishonlarga zarba berish uchun birinchi marta Britaniyaning uzoq masofali Storm Shadow raketalaridan foydalandi. Bu haqda tegishli manbalarga tayanib The Guardian va Bloomberg nashrlari xabar berdi.
Britaniya bosh vaziri Kir Starmerning matbuot kotibi bu ma’lumotga izoh berishdan bosh tortdi.
Telegraph nashrining aniqlik kiritishicha, Kursk viloyatidagi Marino posyolkasi aholisi Storm Shadow raketasi parchalarini aniqlagan. Storm Shadow’ning taxminiy vayronalari fotosuratlari, xususan, Rossiya urushi tarafdori bo‘lgan “Dva mayora” Telegram kanalida chop etildi.
20-noyabr kuni tushdan keyin Kursk viloyati gubernatori Aleksey Smirnov havo hujumidan mudofaa kuchlari Ukrainaning ikkita raketasini urib tushirganini ma’lum qilgan. U raketalar turiga aniqlik kiritmagan.
“Dva mayora” Telegram kanali Ukraina armiyasi Kursk viloyati yo‘nalishi bo‘yicha 12 tagacha Storm Shadow raketalarini uchirganini daʼvo qilgan.
The Times’ga ko‘ra, Buyuk Britaniya hukumatidagi yuqori martabali manbalar Rossiyaga zarba berish uchun Britaniyaning uzoq masofali Storm Shadow raketalaridan foydalanishiga oid AQSH cheklovlari olib tashlanganiga “ishora qilgan”.
Bayden AQSH qurollari bilan Rossiya hududiga zarbalar berishga ruxsat etdi
19-noyabr kuni ertalab Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi Bryansk viloyatidagi qurol-yarog‘ omboriga hujum uyushtirilgani haqida xabar bergan edi. Keyinroq “RBK-Ukraina” nashri Ukraina armiyasidagi manbaga tayanib, hujum Karachev shahri yaqinidagi o‘q-dorilar omboriga ATACMS raketalari yordamida amalga oshirilganini ma’lum qilgan.
Nashr suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, Ukraina armiyasi Rossiyadagi nishonlarga qarata birinchi marta uzoq masofali Amerika raketalarini qo‘llagan. Ko‘p o‘tmay, Rossiya Mudofaa vazirligi mazkur ma’lumotlarni tasdiqlagan.
17-noyabr kuni Jo Bayden maʼmuriyati Ukrainaga Rossiyadagi nishonlarga qarata ATACMS raketalarini qo‘llashga ruxsat bergan edi. Baydenning qarori AQSH siyosatidagi tub o‘zgarish bo‘lib, u qayta saylangan Donald Trampning inauguratsiyasidan ikki oy oldin qabul qilindi.
“Ukrainaga ATACMS raketalaridan foydalanishga ruxsat berish Rossiyaning Shimoliy Koreya qo‘shinlarini jangga yuborish haqidagi kutilmagan qaroriga javob bo‘ldi”, deyiladi xabarda.
Izoh (0)