The Times nashri anonim diplomatik manbaga asoslanib, Britaniya hukumatining harbiy rejasi haqida maʼlumot taqdim etgan.
Unga ko‘ra o‘ta zamonaviy yadro quroliga qarshi tizim yaratish ishlari allaqachon boshlangan.
Rossiya yadro qurolini yo‘q qilishga mo‘ljallangan yangi raketalar 3,2 ming kilometr masofaga ucha olishi xabar qilingan. Hukumat va harbiylar ayni paytda bu raketa variantlari borasida muhokama olib borayotgani xabar qilingan.
“Britaniya Rossiyadan uchiriladigan yadroviy qurollarni yo‘q qila oladigan uzoq masofali raketalarni yaratish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda”, deyilgan The Times xabarida.
Nashr manbasiga ko‘ra, Britaniya ushbu raketalarni Germaniya bilan birgalikda ishlab chiqishi mumkin. Britaniya mudofaa vaziri Jon Hili 24-iyul kuni Berlinga tashrifi chog‘ida loyihani nemis hukumati rasmiylari bilan muhokama qilgan. Agar hamkorlik amalga oshsa, raketalar Germaniyada ham joylashtiriladi.
Avvalroq NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg Britaniyaning Telegraph nashriga bergan intervyusida NATO davlatlari alyansning yadroviy kallaklarini tayyor holatga keltirish masalasini muhokama qilayotganini aytgan edi. Stoltenberg Shimoliy Atlantika alyansi dushmanlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri signal berish uchun NATO o‘zining yadro arsenalini dunyoga namoyish qilishi kerakligini tushuntirgan. NATO bosh kotibining qo‘shimcha qilishicha, Xitoy yadroviy arsenalga faol sarmoya kiritmoqda, 2030-yillar boshiga kelib Pekin jangovar kallaklari soni mingtadan oshadi. Yaqin kelajakda NATO ilgari duch kelmagan narsaga, yaʼni ikki potensial yadroviy qurolli dushmanga — Xitoy va Rossiyaga duch kelishi mumkinligi xabar qilingan.
Izoh (0)