Kursk viloyatida Shimoliy Koreya harbiylari yo‘nalishni noto‘g‘ri aniqlab, Chechenistonning Axmat bo‘linmasi avtomobilini o‘qqa tutdi. Oqibatda sakkiz nafar rossiyalik harbiy xizmatchi halok bo‘ldi. Bu haqda Ukraina razvedkasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Shimoliy Koreya qo‘shinlarining jang maydonida harakatlanishida tilni tushunmasligi muammoni yuzaga keltirmoqda.
Ushbu muammo tufayli Shimoliy Koreya askarlari “Axmat batalyon” deb nomlanuvchi bo‘linmaning avtotransport vositalariga “do‘stona o‘t ochdi. Oqibatda sakkiz nafar “qodirovchilar” halok bo‘ldi, deyiladi xabarda.
Ukraina razvedkasi Rossiya hududida 11 mingga yaqin KXDR harbiysi borligi, ular joylashgan hududlarda Rossiya hukumati “maxsus kontrrazvedka rejimi” joriy etganini eslatdi.
Shimoliy Koreya bo‘linmalari joylashgan hududlarga kirish uchun Rossiya askarlari va zobitlari Federal xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan tekshiriladi, ularning telefon va boshqa qurilmalari olib qo‘yiladi.
KXDRdan Ukrainadagi urushga yuborilgan askarlar
Janubiy Koreya va AQSHning hisob-kitoblariga ko‘ra, Shimoliy Koreya Rossiyaga 10 mingdan ortiq askar yuborgan. Ulardan ba’zilari allaqachon Kursk viloyatidagi janglarda qatnashgan. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy urushga yuborilgan Shimoliy Koreya askarlari soni 100 mingga yetishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. Seul ma’lumotlariga ko‘ra, KXDR Rossiyaga og‘ir artilleriya – o‘ziyurar gaubitsalar va ko‘plab raketa tizimlarini ham yetkazib beradi.
Rossiya va Shimoliy Koreya Rossiyaning Ukrainaga hujumi boshlanganidan keyin harbiy sohadagi hamkorlikni kuchaytira boshladi. 2024-yil iyun oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Shimoliy Koreyaga tashrif buyurib, Kim Chen In bilan hujum sodir bo‘lgan taqdirda bir-birini qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutuvchi, shuningdek, G‘arb sanksiyalariga qarshi hamkorlikni o‘z ichiga olgan keng qamrovli strategik shartnoma imzolagan edi.
Izoh (1)
Ukraina razvedkasi yozgani hamma narsaga ishonasizmi? )