Daryo

Janubiy Koreya mudofaa vaziri xalqdan uzr so‘rab, iste’foga chiqdi

Vazir favqulodda harbiy holat tufayli yuzaga kelgan barcha tartibsizliklar uchun javobgarlikni zimmasiga oldi

2 daqiqa o‘qish14 585 ko‘rishlar0 izoh0

Janubiy Koreya mudofaa vaziri Kim Yong Hyun harbiy holat joriy etilishi munosabati bilan iste’foga chiqishga tayyorligini ma’lum qildi. Bu haqda Yonhap agentligi xabar berdi.

Foto: Yonhap
Men prezidentga favqulodda harbiy holat tufayli yuzaga kelgan barcha tartibsizliklar uchun javobgarlikni o‘z zimmamga olib, iste’foga chiqish istagimni bildirdim, dedi Kim Yong Hyun jurnalistlarga.

Mudofaa vaziri fuqarolardan uzr so‘rab, iste’foga chiqish to‘g‘risida ariza berganini ta’kidladi. Janubiy Koreyaning muxolifatdagi yetakchi “Toburo” demokratik partiyasi mudofaa vaziriga impichment e’lon qilgan. Shundan so‘ng vazir aholidan uzr so‘rab, o‘zi iste’foga chiqishini bildirgan.

Janubiy Koreya muxolifati prezidentga qarshi impichment loyihasini ham parlamentga taqdim etdi. 

Ovoz berish loyiha majlisda ko‘rib chiqilganidan keyin 24-72 soat ichida o‘tkazilishi kerak. Impichment loyihasini kiritishni oltita muxolifat partiyasidan 191 nafar deputat qo‘llab-quvvatladi. Parlamentda jami 300 nafar qonun chiqaruvchi bor, 108 o‘rinni prezidentning “Fuqarolik kuchi” partiyasi egallab turibdi. Impichment e’lon qilish uchun 200 ovoz kerak.

Janubiy Koreyada harbiy holat

Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol 3-dekabr kuni kechqurun mamlakatda favqulodda harbiy holat e’lon qildi. U 45 yil ichida mamlakatda harbiy holat e’lon qilgan birinchi davlat rahbari bo‘ldi. Parlament va siyosiy partiyalarning faoliyati taqiqlandi. Davlat rahbari bu qarorni “konstitutsiyaviy tartibni himoya qilish va mamlakat ichidagi Shimoliy Koreya tarafdorlarini yo‘q qilish” zarurati bilan izohladi.

Hukumat harakatlaridan norozi bo‘lib, parlament binosi oldida namoyishchilar to‘plandi. Politsiya parlamentga kirishni to‘sib qo‘ydi va shahar ko‘chalarida harbiy texnika paydo bo‘ldi.

Foto: Reuters

Bir necha soatdan so‘ng 300 deputatdan 190 nafari parlamentga kirishga muvaffaq bo‘ldi va harbiy holatni bekor qilish uchun ovoz berdi. Muxolifat yetakchisi Li Je Men prezident qarorini “konstitutsiyaga zid” deb atadi va uni “xalqqa qarshi” qadam sifatida qoraladi. Kechroq Janubiy Koreya prezidenti mamlakatda joriy etilgan harbiy holatni bekor qilishga rozi bo‘ldi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar