Ar-Riyod shahrida O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchixonasi ko‘magida bo‘lib o‘tayotgan COP16 konferensiyasi doirasida mezbon davlat shartnomasini imzolash va Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining (IUCN) Toshkent shahrida vakolatxonasini tashkil etish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Hujjatni Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov va IUCN bosh direktori Gretel Agilar imzoladi.
“Ekologik muammolar chegara bilmaydi, bu esa kuchlarni birlashtirish va transchegaraviy hamkorlik muhim ekanligini anglatadi. IUCNning Toshkentdagi vakolatxonasi nafaqat O‘zbekistonga, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasiga xizmat qilib, tabiatni muhofaza qilish va barqaror rivojlanish sohasida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishidan mamnunmiz”, deb ta’kidladi Aziz Abduhakimov.
Bitim IUCNning O‘zbekistondagi faoliyati uchun huquqiy asos bo‘lib, uzoq yillik hamkorlikdagi muhim bosqichni belgilab beradi. Respublika Ittifoqqa 2021-yilda a’zo bo‘ldi. Hujjat davlat organlari bilan yanada samarali hamkorlikni taʼminlaydi hamda IUCNning O‘zbekiston va mintaqani tizimli va samarali rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasini qo‘llab-quvvatlaydi.
“Biz O‘zbekiston bilan hamkorligimizni mustahkamlaydigan hamda mamlakatda va butun Markaziy Osiyoda atrof-muhit va iqlim bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarga asos soladigan ushbu muhim voqeadan mamnunmiz, degan IUCN Bosh direktori Gretel Agilar.
IUCN va Ekologiya vazirligi o'rtasidagi hamkorlik loyihalari qatoriga IUCN, Global ekologik fond (GEF) va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) bilan hamkorlikda boshlangan IUCN Mintaqaviy yagona sog'liqni saqlash tashabbusi hamda landshaftlar va yerlarni tiklash loyihasi kiradi.
Yaqin kelajakda GEF va BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda tashkil etilgan O‘zbekistonda tabiatni muhofaza qilish va alohida qimmatli landshaftlarni tiklashni kompleks boshqarish loyihasini ishga tushirish orqali hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilgan. Ushbu loyihalar dolzarb ekologik muammolarni hal qiladi.
Izoh (0)