Shavkat Mirziyoyev Boku shahrida o‘tayotgan BMTning Butunjahon iqlim sammitida (COP29) tashkil etilgan O‘zbekiston Milliy pavilyoni bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbariga pavilyonning g‘oyasi va unda o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirlar haqida batafsil maʼlumot berildi.
Pavilyon O‘zbekistonning noyob madaniy merosi hamda ekologiya va iqlim masalalariga barqaror yondashuvlarini namoyish etishga mo‘ljallangan. Uning “Ichki barqarorlik” deb nomlangan meʼmoriy konsepsiyasi insonning tabiat bilan uyg‘unligini va oilaviy qadriyatlarni ifodalovchi anʼanaviy o‘zbek hovlisiga asoslangan.
Somon suvoq va yog‘och kabi ekologik, anʼanaviy materiallardan foydalanib, azaldan o‘zbek xonadonining ajralmas qismi bo‘lmish ayvon va so‘ridan ilhomlanib bunyod etilgan pavilyon uyg‘un makon hosil qiladi. Birgalikda ushbu meʼmoriy yechimlar qulay mikroiqlimni taʼminlaydi, shinam muhit yaratadi va barqaror kelajak haqidagi g‘amxo‘rlikni aks ettiradi.
Sammit kunlarida bu yerda Orolbo‘yi mintaqasining ijtimoiy-ekologik muammolarini hal etish, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash hamda bioxilma-xillikni asrashga bag‘ishlangan 20 dan ortiq qo‘shimcha tadbir o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Izoh (0)