Bugun, 13-dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilgan ishlar va 2025-yildagi vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boshlandi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, joriy yilda 102 ta ijtimoiy xizmat mahalla darajasiga tushirilgan.
“Masalan, oldin odamlar protez uchun har xil komissiyalar va poliklinikada 2 oy sarson bo‘lgan bo‘lsa, hozir bu masala 2 haftada mahallada hal bo‘lmoqda. Shuni o‘zidan 100 ming odamni og‘iri yengil bo‘ldi. Odamlar protezni 95 ta ishlab chiqaruvchi orasidan elektron tizimda o‘zi tanlayapti, raqobat va sifat ham yaxshilandi. Nogironligi bor bolalarga qarab turish xizmati yo‘lga qo‘yilib, murojaatlar mahallada qabul qilinyapti. Bu 700 nafar ota-onani ishlashiga sharoit yaratdi. Harakatlana olmaydigan 4 ming nafar yolg‘iz keksalar aniqlanib, ularga uyini o‘zida qarab turish yo‘lga qo‘yildi”, deyiladi xabarda.
Yig‘ilishda mahalladagi ijtimoiy xodimlar uyma-uy yurib, shu yil reyestrda bo‘lmagan yana 95 ming muhtoj odamga yordam ko‘rsatgani aytilgan. Shu bilan birga, 51 ming odamga nogironlik belgilangani, 26 ming nafari protez olgani, nogironligi bor 5 ming bola bog‘cha-maktabga joylashgani taʼkidlangan.
“Muhtoj bo‘lmaganlarga asossiz nafaqa to‘lashning oldi olindi, qisqargan xarajatlar byudjetda qoldirildi”, deya yig‘ilishda aytilgan gaplarni keltiradi manba.
Qayd etilishicha, uch oy oldin viloyat va tumandagi 14 ming rahbar 75 ming kambag‘al oilaga biriktirilib, ular bilan individual ishlash yo‘lga qo‘yilgan. Natijada, shu kungacha kambag‘al oilalardagi 17 ming odam doimiy ishga joylashtirilgan, tadbirkorlik va tomorqa orqali 14 ming aholining daromadi oshirilgan. O‘z navbatida 30 ming bola bog‘cha, to‘garak va kasbga o‘qitish bilan qamrab olindi, 45 ming muhtoj aholiga tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Avvalroq O‘zbekistonda 2023-yil oktyabrda 2,3 million oila bolalar puli olgan bo‘lsa, joriy yilda ular soni 1,36 million qolgani xabar qilingandi.
Izoh (0)