Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘, Andijon viloyatining Paxtaobod tumanlariga 2-iyul kuni yangi hokim tayinlandi.
Yakkabog‘ tumaniga Abdunabi G‘iyosov hokimi bo‘ldi.

Abdunabi G‘iyosov 1963-yil Yakkabog‘ tumanida tug‘ilgan. Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi institutini tamomlagan. “Shuhrat” medali sohibi. Tayinlovga qadar u “Kumush kuz fayzi” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi agrofirma ta’sischisi lavozimida ishlab kelgan.
U Yakkabog‘ga 2020-yil mayidan buyon hokimlik qilib kelgan Lutfiddin Abdullayev o‘rnini egalladi.
Davronbek Sattorov Paxtaobod tumani hokimi etib tayinlandi.

Davronbek Sattorov 1984-yilda Andijon viloyatining Paxtaobod tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Andijon davlat tillar pedagogika institutini, 2020-yilda Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan.
Ushbu lavozimga tayinlanguniga qadar 2025-yil yanvaridan buyon Andijon viloyat hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasida faoliyat olib borgan. Undan avval Paxtaobod tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan.
U Paxtaobod tumaniga 2023-yil noyabridan buyon hokimlik qilib kelgan Shoyatbek Boboyev o‘rnini egalladi.
Izoh (0)