AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya bo‘yicha “muhim bayonot” berishini ma’lum qildi. U bu haqda NBC News telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, uning “Rossiyadan hafsalasi pir bo‘lgan”.
Ammo yaqin bir-ikki hafta ichida nima bo‘lishini ko‘ramiz. Dushanba kuni (14-iyulda) Rossiya bo‘yicha muhim bayonot beraman, dedi siyosatchi.
Tramp Amerika qurollarini Ukrainaga yetkazib berish bo‘yicha “yangi kelishuv” tuzilganini ham aytdi. Unga ko‘ra, AQSH qurollarini NATOga jo‘natadi, alyans esa ularni Ukrainaga yetkazib beradi va buning uchun pul to‘laydi. Iyun oyida NATO sammitida shunday kelishuvga erishilgan.
Biz qurollarni NATOga jo‘natyapmiz va NATO ularning to‘liq qiymatini qoplab beradi, deya tushuntirdi Tramp.
U, shuningdek, Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy etish bo‘yicha yakuniy qarorni o‘zi qabul qilishini ta’kidladi.
Boshqacha aytganda, agar men ularni qo‘llamoqchi bo‘lsam, bu mening qarorim. Ular (Kongress) sanksiyalar bo‘yicha juda jiddiy va qat’iy qonun loyihasini qabul qilmoqchi, ammo bu boradagi yakuniy qaror prezidentga tegishli, dedi Tramp.
10-iyul kuni AQSH davlat kotibi Marko Rubio Kuala Lumpurda Rossiya delegatsiyasi bilan uchrashganini ma’lum qilgan edi. Moskva uchrashuvda Ukraina bo‘yicha yangi takliflar bildirgan. Ammo Rubio tafsilotlarni ochiqlamagan. Faqat mojaroni hal etish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” muhokama qilinganini aytgan.
Biz ayrim g‘oyalar va fikrlar bilan o‘rtoqlashdik. Men ularni bugun kechqurun Vashingtonga qo‘ng‘iroqlar va mulohazalar shaklida yetkazaman. Ehtimol, ular keyingi harakatlarni rejalashtirish uchun asos bo‘lishi mumkin, degan davlat departamenti rahbari.
Rubio sanksiyalar masalasiga to‘xtalar ekan, Tramp ularni “haqiqiy imkoniyat” sifatida ko‘rayotganini xulosa qilgan.
Izoh (0)