Tonggi kayfiyat butun kunning qanday o‘tishini belgilaydi. Ba’zi mashhurlar kunni odatdagidan ancha noodatiy tarzda boshlaydi. Ularning ayrim odatlari boshqalarga ham foydali bo‘lishi mumkin.
Mark Uolberg: soat 2da turadi va muzli vannaga tushadi

Gollivud yulduzi Mark Uolberg jismonan sog‘lom ko‘rinishi va qat’iy kun tartibiga amal qilishi bilan bilan ham mashhur. 54 yoshli aktyor har kuni soat 2:00 da uyg‘onadi.
Uning ertalabki rejasi ibodat, nonushta va intensiv sport mashqlaridan boshlanadi. Keyin dush qabul qiladi va golf o‘ynaydi. Ko‘pincha ijtimoiy tarmoqlarda muz solingan vannasini ko‘rsatadi: “Kunni shunday boshlash eng zo‘ri”, deydi u.
Bu jadval ko‘pchilikka g‘alati tuyulishi mumkin, lekin Mark erta turish uchun erta uxlash kerakligini ta’kidlaydi. Odatda u kechki soat 7:00 da uxlaydi. Har kim bunday jadvalga amal qila olmaydi, lekin yetarli uyqu (7–8 soat) kun davomida Uolbergga tetiklik beradi.
Miranda Kerr: meditatsiya va selderey sharbati

Avstraliyalik model va tadbirkor Miranda Kerr har tong soat 5:30 atrofida uyg‘onadi. Bolalari uyg‘onmaguncha o‘ziga vaqt ajratadi. Kunini meditatsiyadan boshlaydi: bu unga fikrini jamlashga va har bir lahzani qadrlashga yordam beradi.
U derazani ochib, quyosh chiqishini kuzatadi va ob-havo qanday bo‘lishidan qat’i nazar tabiatga minnatdorchilik bildiradi. So‘ngra quruq cho‘tka bilan terini massaj qilish, dush qabul qilish va bir litr selderey sharbati ichish bilan kunini davom ettiradi.
Shifokorlar ogohlantiradi: bu sharbat hamma uchun ham to‘g‘ri kelmasligi mumkin. Ayniqsa buyrak muammosi borlarga tavsiya etilmaydi. Meditatsiya esa, aksincha, ko‘pchilik uchun foydali: ertalabki xotirjamlik kun davomida tinch kayfiyatni beradi.
Gvinet Peltrou: ayurveda, kitob va sauna

Aktrisa Gvinet Peltrou tabiiy go‘zallik bo‘yicha maslahatlari va kundalik hayot tarzini qanday kechirishi haqida ijtimoiy tarmoqlarda bo‘lishadi. U tongda og‘zini kokos yog‘i, yalpiz va o‘tlardan tayyorlangan aralashma bilan chayadi (5–10 daqiqa).
So‘ng ayurveda uslubidagi meditatsiya va mashqlar bilan shug‘ullanadi, mutolaa qiladi. Gvinet odatda raqs elementlari bilan jismoniy faollikni tanlaydi, bu uning kayfiyatini ko‘taradi.
Peltrou ham tongda selderey sharbatini ichadi va saunadan foydalanadi. Uning aytishicha, issiq bug‘ mushaklarni bo‘shashtiradi va kunni tetik boshlashga yordam beradi.
Izoh (0)