DXX Qoraqalpog‘iston Respublikasida bog‘cha mudiraligi uchun 15 million so‘m talab qilgan maktabgacha va maktab taʼlimi bo‘limi mudiri, shuningdek, milliy tabiat bog‘iga inspektor sifatida ishga qabul qilish uchun 3 ming dollar olgan bog‘ direktorini qo‘lga oldi. Bu haqda “Daryo” manbasi xabar berdi.
Maʼlum bo‘lishicha, respublikaning Bo‘zatov tumani Maktabgacha va maktab taʼlimi bo‘limi mudiri V.A. qo‘l ostidagi xodimi A.B bilan jinoiy til biriktirib, maktab o‘qituvchisini bog‘cha mudiraligiga tayinlash uchun pora talab qilgan. Bo‘lim mudiri va uning xodimi tumandagi 12-maktab o‘qituvchisi Z.A.ga 15 million so‘m pul bersa, uni shu tumandagi 11-davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti direktorligiga tayinlashini vaʼda qilgan.
U xodimi orqali matematika o‘qituvchisidan kelishilgan pulni olayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. Tuman maktabgacha va maktab taʼlimi bo‘limi mudiriga Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “b” bandi va 3-qismi “v” bandi bilan, bosh mutaxassisga nisbatan esa Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov olib borilmoqda.
DXXning respublika boshqarmasi shuningdek, IIB va Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan navbatdagi tadbirda esa milliy tabiat bog‘i inspektorligi uchun pul talab qilgan bog‘ direktori ham qo‘lga olingan.
Maʼlum bo‘lishicha, respublikadagi “Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bog‘i direktori A.B. undan ish so‘rab kelgan fuqaroga ish berish evaziga pora talab qilgan. Direktor fuqaroni “Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bog‘i inspektori qilib tayinlash “xizmati” 3 ming dollar bo‘lishini aytgan.
Bog‘ direktori fuqarodan kelishilgan pulni olayotgan paytida huquqni muhofaza qiluvchi xodimlar tomonidan qo‘lga olindi. Bog‘ direktoriga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.
Izoh (0)