Bugun, 19-iyul kuni Ekologiya vazirligi tadbirkor Murod Nazarovning moratoriy o‘rniga “kompensatsion ekish” va “daraxtlar banki” joriy qilish taklifi bo‘yicha munosabat bildirdi.

Vazirlikning taʼkidlashicha, O‘zbekiston dengiz va okeanlarga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan mamlakat. Shu bois kislorod manbalari va karbonat angidridni yutish imkoniyatidan mahrum. Hududning 60 foizdan ortig‘i cho‘l va yarim cho‘llardan iborat bo‘lib, iqlim o‘zgarishlariga nisbatan juda zaif hisoblanadi. Bu holat tabiatni ko‘proq himoya qilishni talab qiladi.
Daraxt kesishga moratoriy yashil hududlarni saqlash uchun joriy etilgan. U ekologik barqarorlikning muhim kafolatidir.
Jahon amaliyotida ham daraxtlarni himoya qilish qattiq nazoratda. Masalan, Germaniyada noqonuniy kesish uchun 50 000 yevrogacha jarima belgilangan.
Britaniyada qamoq jazosi va 20 000 funtgacha jarima mavjud.. Qozog‘iston va Rossiyada ham bunday qilmish uchun jinoiy jazo bor. 2023-yilda mashhur Sycamore Gap daraxtini kesgan shaxs 4 yildan ortiq qamoq jazosiga hukm qilingan.
Qayd etilishicha, taklif qilinayotgan kompensatsion ekishlar va “daraxtlar banki” mavjud moratoriyga to‘liq muqobil bo‘la olmaydi. Masalan, bitta daraxt yiliga 21 kg CO₂ ni yutadi. Birorta ham ko‘chat bu funksiyani o‘n yillab yillar davomida bajara olmaydi.
“Daraxtlar banki” tizimi korrupsiya va nazoratsizlikka olib kelishi mumkin.
Vazirlik ayrim quruvchilar daraxtlarni sunʼiy quritish, so‘ngra kesish orqali moratoriyni chetlab o‘tayotganini qayd etdi. Bunday holatlarga qarshi chora ko‘rilayotgani bildirildi.
Vazirlik mavjud moratoriyni qayta ko‘rib chiqishga urinish, ayniqsa, kompaniyalar o‘z faoliyatiga ESG tamoyillarini joriy etishga intilayotgan, shuningdek, mamlakatda 2025-yil “Atrof-muhitni asrash va ‘yashil’ iqtisodiyot yili” deb e’lon qilingan bir paytda, afsus bilan qarshi olinishini bildirgan.
“O‘z chiqishida janob Nazarov har qanday yo‘l bilan daraxt kesish bo‘yicha turli “usullar” qo‘llanilayotganini tilga oldi. Shu munosabat bilan vazirlik uning daraxt kesishda qo‘llayotgan yondashuvlarini atroflicha tekshirish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan to‘liq taftish o‘tkazilishi zarur, deb hisoblaydi. Ushbu o‘rganish natijalari uning oldingi faoliyati yuzasidan tegishli xulosalar chiqarish imkonini beradi, deb umid qilamiz”, deya qayd etilgan munosabatda.
Xulosa sifatida barqaror qurilish yashil maydonlarni yo‘q qilib, keyin kompensatsiya qilishga emas, aksincha, ularni saqlashga asoslanishi eslatilgan.
“Barqaror qurilish — daraxtni kesib emas, uni saqlab qurish degani”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Ma’lumot uchun, joriy yil 17-iyul kuni o‘tkazilgan qurilish sohasiga oid yig‘ilishda tadbirkor Murod Nazarov Toshkent shahrida daraxtlarni kesishga cheklov bekor qilinishi kerakligini aytgandi. Mazkur fikrlaridan keyin tadbirkor jamoatchilik faollarining tanqidlariga uchradi. Qolaversa, Ekopartiya vakili ham Nazarovning moratoriyni bekor qilish taklifiga qarshilik bildirdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil I yarmida daraxtlarni kesish bo‘yicha kelib tushgan 3 235 ta ariza rad etilishi hisobiga 453 238 ta daraxt asrab qolingan. Ularning 86 309 tasi qimmatbaho navlarga mansub bo‘lgan.
Izoh (0)