Madridning “Real” klubi vingeri Rodrigo Goesga “Liverpul” tomonidan jiddiy qiziqish bildirilyapti. L'Équipe nashrining xabar berishicha, braziliyalik futbolchi ingliz klubida kolumbiyalik hujumchi Luis Diasning o‘rnini egallashi mumkin.

Avvalroq Luis Diasga Germaniyaning “Bavariya” hamda Kataloniyaning “Barselona” klublari da’vogarlik qilayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Agar u “Enfild”ni tark etsa, “Liverpul” hujum chizig‘ini kuchaytirish maqsadida aynan Rodrigoni transfer qilishni rejalashtirmoqda.
“Real Madrid” 23 yoshli futbolchini 100 million yevrodan yuqori narxda sotishga tayyor. Shuningdek, Rodrigoga Angliyaning yana bir grandi — “Arsenal” ham qiziqmoqda. Biroq hozircha braziliyalik futbolchini qo‘lga kiritish borasida “Liverpul” asosiy nomzod sifatida ko‘rilmoqda.
Rodrigo Goes 2024-yilgi mavsumda “qaymoqranglilar” safida barcha musobaqalarda 54 uchrashuvda maydonga tushib, 14 ta gol va 11 ta assist muallifiga aylangan. Uning “Real” bilan tuzgan shartnomasi 2028-yil yozigacha amal qiladi. Transfermarkt portali futbolchining qiymatini 90 million yevroga baholamoqda.
Izoh (0)