Meta kompaniyasi 2025-yilning birinchi yarmida o‘zini yirik kontent ishlab chiqaruvchisi sifatida ko‘rsatgan 10 millionga yaqin soxta Facebook hisoblarini o‘chirib tashladi. Bu haqda kompaniya saytida ma’lum qilindi.

Ma’lum qilinishicha, bu kompaniyaning “spam-kontent”ga qarshi kurashish va Facebook yangiliklar lentasining dolzarbligi hamda ishonchliligini oshirish bo‘yicha keng qamrovli sa’y-harakatlarining bir qismi hisoblanadi. Bundan maqsad spam xatti-harakatlari bilan shug‘ullanuvchi, jumladan sun’iy intellekt yordamida kontent yaratuvchi hisoblarni chiqarib tashlashdir.
Shuningdek, Meta mualliflarning asl nashrlarini ustuvor targ‘ib qilish va ilgari surish uchun yanada qat’iy choralarni joriy etmoqda.
“Facebook noo‘rin va spam xatti-harakatlar bilan shug‘ullanuvchi deb aniqlangan taxminan yarim million hisobga nisbatan chora ko‘rdi. Bu choralar sharhlar reytingini pasaytirish va kontent tarqalishini cheklashni o‘z ichiga oladi, bu esa mazkur hisoblar tomonidan postlarni daromad manbaiga aylantirishni qiyinlashtiradi”, deyiladi komppaniya xabarida.

Meta noo‘rin kontentni asl muallifini ko‘rsatmagan holda rasm yoki videolardan takroran foydalanish deb ta’riflaydi. Ta’kidlanishicha, endi unda takroriy videolarni aniqlash va ularning tarqalishini cheklash imkonini beruvchi texnologiya mavjud.
Meta’ning bu qadami kompaniyaning sun’iy intellektga sarmoyalarni ko‘paytirayotgani bilan bog‘liq. 14-iyul kuni bosh direktor Mark Sukerberg kelgusi yilda birinchi superkompyuterni ishga tushirish uchun sun’iy intellekt hisoblash infratuzilmasiga yuzlab milliard dollar sarflash rejasini e’lon qildi.
Bundan avval YouTube rahbariyati noreal videolar bilan kurashish maqsadida platformaning qoidalariga o‘zgartirish kiritgani ma`lum qilingandi. Bunda gap neyrotarmoqlar yordamida yaratilgan videoroliklar haqida ketmoqda. Shu tariqa videoxosting o‘z obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan holatlarning oldini oladi. Bunday kontentlarning mualliflari daromadini kamaytirish orqali moliyaviy xarajatlar ham qisqartiriladi.
Izoh (0)