Qozog‘iston AQSHga import bojlari masalasida Vashington bilan muzokaralarga tayyor ekanini bildirdi. Bu haqda Qozog‘iston Savdo va integratsiya vazirligiga bayonotida ma’lum qilindi.

AQSH prezidenti Donald Trampning qaroriga ko‘ra, AQSH 1-avgustdan boshlab Qozog‘istondan keladigan tovarlar uchun 25 foizlik import boj joriy etadi.
Vazirlikning ta’kidlashicha, yangi ta’riflarga qaramasdan Qozog‘iston mahsulotlarining aksariyati yangi cheklovlar ta’siriga tushmaydi. Ikki tomonlama savdo uchun strategik ahamiyatga ega mahsulotlar — neft, uran, kumush, ferroqotishmalar, tantal va titan o‘zgarishsiz eksport qilinishda davom etadi.
Dastlabki baholarga ko‘ra, Qozog‘istonning AQSHga eksportining qariyb 95 foizi Vashington choralariga ta’sir qilmaydi.
“Qozog‘iston Respublikasi hukumati qozog‘istonlik tovarlar uchun barqaror savdo tartibini saqlab qolish maqsadida olib borayotgan ishlari doirasida AQSH Oq uyi ma’muriyatiga o‘zaro savdo sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha aniq takliflar va tashabbuslarni jo‘natdi. Qozog‘istonning maqsadi - bozorga kirish va savdo shartlari bo‘yicha kelishilgan qarorlarga erishishdir”, deya ta’kidlanadi bayonotda.
Qayd etilishicha, hozirda Amerika tomoni Qozog‘iston takliflarini ko‘rib chiqmoqda va maslahatlashuvlar boshlanish muddatlari haqida xabar beradi. Qozog‘iston esa o‘z navbatida milliy manfaatlarni himoya qilish va AQSH bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash uchun bo‘lajak muzokaralarga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda Qozog‘iston va AQSH o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 4,2 milliard dollarni tashkil etdi, bu 2023-yilga nisbatan 4 foizga ko‘pdir. Qozog‘iston eksportining asosini xom neft (1,1 mlrd dollar), uran (322,9 mln dollar), kumush (239,9 mln dollar), ferroqotishmalar (188,2 mln dollar), tantal va undan tayyorlangan mahsulotlar (17,6 mln dollar) tashkil etadi. 2025-yilning yanvar—may oylarida tovar ayirboshlash hajmi 1,26 milliard dollarga yetdi, shundan 418,2 million dollari Qozog‘istondan eksportga to‘g‘ri keladi.
Izoh (0)