O‘zbekistonning birinchi raqamli shaxmatchisi, dunyo reytingida 7-o‘rinni egallab turgan 20 yoshli Nodirbek Abdusattorov 18–28-iyun kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan UzChess Cup 2025 II xalqaro turniri paytida bloger “IsomTV”ga qisqa intervyu berdi.

Foto: Getty Images
Foto: Getty Images

Ushbu suhbatda Abdusattorov qancha pul ishlab topishi va O‘zbekistonning eng kuchli shaxmatchisi kim ekanligi haqida to‘xtaldi:

— 13 yoshingizda grossmeyster bo‘lgansiz. Jahon chempionligini qo‘lga kiritgan, Olimpiadada ham chempionlikka erishgan Nodirbek Abdusattorov qancha pul topadi?
—  Bu ma’lumot ochiq manbalarda ham bor. Misol tariqasida aytadigan bo‘lsam, ikki yildan beri dunyoning eng ko‘p pul ishlab topayotgan 10 nafar shaxmatchisi ro‘yxatiga kiritilayapman. Taxminan 200 ming AQSh dollari.

— Bu qanaqa pul? Gonarar, sovrin, yoki chempion bo‘lganingiz uchun berilgan mukofotmi?
— Hammasi shuni ichida.

— Bundan tashqari, reklama va boshqa daromadlaringiz ham bor, to‘g‘rimi?
— Ular bilan men emas, mening jamoam shug‘ullanadi, shuning uchun men aniq ma’lumotga ega emasman.

— O‘zbekistondagi o‘zingizdan tashqari eng yaxshi o‘yinchi kim?
—  Albatta, Javohir Sindorov.

— Dunyodagi eng kuchli shaxmatchi kim?
— Magnus Karlsen.

— O‘zingizni ham hisobga olganda, baribir Magnus Karlsenmi yoki o‘zingiz?
— Hozircha Magnus Karlsen.

Eslatib o‘tamiz, Abdusattorov Yoshlar ishlari agentligi hamda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan UzChess Cup musobaqasining Masters guruhida 3-o‘rinni egallab, 10 ming AQSH dollari miqdorida mukofotni qo‘lga kiritdi.

Ma’lumot uchun, Nodirbek Abdusattorov 2024 yilgi musobaqalarda 132 981 dollar mukofot puliga ega chiqqan.