Keniya bo‘ylab prezident Uilyam Ruto hukumatiga qarshi norozilik namoyishlarida 16 kishi halok bo‘lib, 400 dan ortiq kishi jarohatlandi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Nayrobi va boshqa shaharlarda politsiya va namoyishchilar o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgan. 2024-yili ham mamlakatda hukumatga qarshi norozilik yuz bergan edi. Namoyishchilarning ko‘pchiligi “Ruto ketishi kerak” deya da’vo qilgan. Ular hukumatga tinch qarshilik ko‘rsatish ramzi sifatida daraxt shoxlarini silkitgan. Hukumat namoyishlarni televideniye va radio orqali jonli yoritishni taqiqlagan. Keyinroq, bu qaror Nayrobidagi Oliy sud tomonidan bekor qilingan.
Ruto namoyishchilarni tinchlik va barqarorlikka tahdid solmaslikka chaqirgan. Olomon uning rasmiy qarorgohiga bostirib kirmoqchi bo‘lganda, ular politsiya tomonidan to‘xtatib qolingan. Shundan so‘ng, prezident rasmiy qarorgohiga tashrifini kamaytirgan.
“Noroziliklar Keniyada hukm surayotgan tinchlikni buzmasligi lozim. Ishlar chappasiga ketganda boshqa boradigan joyimiz yo‘q. Mamlakatimizni xavfsiz saqlash bizning vazifamiz”, dedi prezident.
Politsiya prezident qarorgohi va parlamentga olib boradigan yo‘llarni yopish uchun barrikadalar va ustara simlaridan foydalangan. Rasmiylar 25-iyun kungi norozilik namoyishlarida qurbonlar sonini hali ma’lum qilmagan. Biroq Amnesty Kenya — Inson huquqlari tashkiloti qurbonlar soni 16 nafarga yetganini aytmoqda.
Keniya tibbiyot assotsiatsiyasi, Keniya huquq jamiyati va politsiya islohotlari bo‘yicha ishchi guruh qurbonlar sonini turlicha baholagan. Ularga ko‘ra, kamida 8 nafar namoyishchi halok bo‘lgan, 400 nafar yaradorning 83 nafari “maxsus davolanish”ga muhtoj.
Ulardan 8 nafari o‘qotar quroldan yaralangan. Jabrlanganlar orasida 3 nafar politsiyachi ham borligi aytilgan.
Namoyishchilardan biri Amina Mude BBC’ga intervyusida namoyishga qo‘shilgani sababini aytgan.
“Men mamlakat to‘g‘ri yo‘lda ketmayotganini his qilyapman, ayniqsa ta’limda muammolar ko‘p. Menimcha, mamlakat va rahbariyat bizni tinglaydigan vaqt allaqachon kelgan”, degan u.
Izoh (0)