AQSHda 23-iyun kuni ochiq havoda o‘tkazilgan marosimdan so‘ng jazirama tufayli 150 dan ortiq kishining ahvoli og‘irlashdi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Marosim Nyu Jersi shtati Paterson shahrida bo‘lib o‘tgan. Shahar meri 100 dan ortiq odamning ahvoli og‘irlashgach, favqulodda holat e’lon qilgan. Hududdagi maktablarda bitiruv marosimlarining aksariyati bekor qilingan. Bundan tashqari, barcha ochiq-osmon ostidagi tadbirlarga cheklovlar o‘rnatilgan.
Anomal issiqlik AQSHning g‘arbidan sharqiy qirg‘og‘igacha, shuningdek, Kanadaning Ontario, Kvebek va Yangi Shotlandiya hududlariga ta’sir o‘tkazmoqda. Hafta davomida 160 milliondan ortiq odam issiqlik ta’sirida qolgan.
Shimoliy Karolina shtatida o‘nlab odamlar jazirama sababli shifoxonalarga murojaat qilgan. Kamida 41 kishi, jumladan, bolalar kasalxonaga yotqizilgani aytilmoqda.
Mutaxassislarning ogohlantirishicha, Shimoliy Amerikaning barcha qismlarida haroratning keskin ko‘tarilishi, ayniqsa, yuqori namlik issiqlik bilan bog‘liq kasalliklar xavfini kuchaytiradi. Ba’zi sharqiy shaharlarda harorat kechasi +27 darajadan yuqori bo‘lishi aytilgan. Nyu Yorkda 24-iyun kuni harorat +38 darajaga yetgan. Bu 1966-yildan beri shaharda qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Izoh (0)