AQSH Moliya vazirligi 25-iyun kuni Meksikaning 3 ta — CIBanco, Intercam Banco va Vector Casa de Bolsa banklariga sanksiya joriy etdi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.

Banklar sintetik fentanil giyohvand moddasining transchegaraviy savdosida ishtirok etgani aytilmoqda. Xususan, ular Meksikada joylashgan kartellar nomidan millionlab dollar noqonuniy mablag‘larni qonuniylashtirish va fentanil ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan kimyoviy moddalarni sotib olish to‘lovlarini osonlashtirishda ayblangan.
Sanksiyalar AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining Lotin Amerikasi to‘dalari, jinoiy tarmoq va giyohvand moddalar savdogarlariga qarshi harakatining navbatdagi qismi hisoblanadi. Tramp bir nechta shunday guruhlarni “xorijiy terroristik tashkilotlar” deb atab, Meksika hukumatiga chegara orqali “jinoiy qatnovlar”ni kamaytirish uchun tariflar joriy etgan edi.
G‘aznachilik departamenti bayonotida aytilishicha, banklarga “Fentanil sanksiyalari to‘g‘risidagi qonun” va “FEND Off Fentanil to‘g‘risidagi qonun”ga muvofiq sanksiya belgilangan. Unga ko‘ra, sanksiyalangan Meksika va AQSH banklari o‘rtasidagi pul o‘tkazmalari bloklanadi.
AQSH moliya vaziri Skott Bessent o‘z bayonotida banklarni “son-sanoqsiz amerikaliklarning zaharlanishiga imkon yaratishda” ayblagan. Ammo Meksika hukumati bu sanksiya kiritilishiga asos yo‘qligini ta’kidlagan.
“Agar bizga ushbu uchta moliya institutining noqonuniy faoliyatini isbotlovchi ishonchli ma’lumotlar taqdim etilsa, biz qonun doirasida harakat qilamiz”, deyiladi Meksika Moliya vazirligi xabarida.
Izoh (0)