Vyetnam iyul oyidan boshlab sakkizta jinoyat turi uchun o‘lim jazosini bekor qiladi. Bu jinoyatlar qatoriga pora olish va hukumatni ag‘darishga qaratilgan harakatlar ham kiradi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Parlament bir qator jinoyatlar uchun o‘lim jazosini bekor qiluvchi Jinoyat kodeksiga o‘zgartirishni bir ovozdan ma’qullagan. Qaror 12 milliard dollarlik firibgarlik ishi bo‘yicha sudlanayotgan bir milliarderning hayotini saqlab qoladi.
Endi o‘lim jazosi qo‘llanilmaydigan jinoyatlar qatoriga davlat mulkini buzish, qalbaki dori-darmonlar ishlab chiqarish, tinchlikka tahdid solish, tajovuzkor urushlar boshlash, josuslik va giyohvand moddalarni tashish ham kiradi. Ushbu jinoyatlar uchun maksimal jazo umrbod qamoq jazosi bo‘ladi. Yuqoridagi jinoyatlar bo‘yicha 1-iyulga qadar o‘limga hukm qilinganlar, biroq hali qatl etilmaganlar jazosi umrbod qamoq jazosiga almashtiriladi.
Shunga qaramay, Vyetnamda hali ham 10 ta jinoyat turi uchun o‘lim jazosi saqlanib qoladi. Ular qatoriga qotillik, davlatga xiyonat, terrorizm va bolalarga jinsiy tajovuz kiradi. Giyohvand moddalar savdosi ham o‘lim jazosi bilan jazolanadigan jinoyat bo‘lib qolmoqda.
Vyetnamda o‘lim jazosi bo‘yicha aniq statistika davlat siri hisoblanadi, shuning uchun nechta odam hukm qilingani noma’lum. 2011-yildan beri mamlakatda otib o‘ldirish bekor qilinib, yagona qatl usuli sifatida o‘ldiruvchi inyeksiya (dori yuborish) qo‘llaniladi.
Ma’lumot o‘rnida, mamlakatda ko‘chmas mulk tadbirkori Truong My Lan 2024-yil 12 milliard dollarlik pora ishi bo‘yicha o‘lim jazosiga hukm qilingan edi. Unga chiqarilgan hukm avtomatik umrbod qamoq jazosiga o‘zgaradi.
Izoh (0)