Irlandiya Yevropada birinchi bo‘lib bosib olingan Falastin hududlari bilan savdoni rasman taqiqlovchi qarorni chiqaradi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri o‘rinbosari Saymon Xarrisga tayanib, Anadolu xabar berdi.

“Bu muhim chora. Chunki biz Irlandiya xalqi nomidan ushbu genotsidga munosabat bildirmoqdamiz”, dedi Saymon Xarris.
Uning aytishicha, ushbu qonunning kuchga kirishi boshqa mamlakatlarni ham shunday qilishga ilhomlantirishi mumkin.
“Chunki har bir mamlakat o‘z ixtiyoridagi har bir imkoniyatdan foydalanishi muhim”, deya qo‘shimcha qilingan.
Qonun loyihasi bosib olingan Falastin hududlari bilan savdoni taqiqlaydi va “Bojxona to‘g‘risidagi qonun”ga muvofiq buni qonunbuzarlik deb hisoblaydi.
Irlandiya Vazirlar Mahkamasi may oyida G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddusdagi Isroil aholi punktlarida ishlab chiqarilgan tovarlarni import qilishni taqiqlash bo‘yicha “Isroil aholi punktlari to‘g‘risidagi qonun” loyihasini rasman tasdiqlagan.
Ma’lumot o‘rnida, Irlandiya Falastin mustaqilligini 2024-yilda tan olgandi. Yevropa Ittifoqining 9 ta davlati 19-iyun kuni bosib olingan Falastin hududlaridagi Isroil aholi punktlari bilan savdoni to‘xtatishga chaqirgan. Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas nomiga yo‘llangan maktub Belgiya, Finlyandiya, Irlandiya, Lyuksemburg, Polsha, Portugaliya, Sloveniya, Ispaniya va Shvetsiya tashqi ishlar vazirlari tomonidan imzolangandi.
Izoh (0)