Turkiyaning Kutahya shahrida yashovchi 71 yoshli ayol Selma Shaxin universitetni tamomlab, grafik dizaynerga aylandi.
Shaxin o‘z vaqtida otasining moddiy qiyinchiliklari tufayli maktabni tashlab ishlashga majbur bo‘lgan. Hozirda uning ikki qizi va to‘rt nevarasi bor.
Ayol ochiq qabul tizimi bo‘yicha o‘rta maktabni tugatib, universitetga kirish imtihonida yetarli ball to‘plaganidan so‘ng Kutahyas Dumlupinar universiteti (DPÜ) qoshidagi Tasviriy sanʼat kasb-hunar kollejiga o‘qishga kirdi.

Grafik dizayn bo‘yicha ikki yillik dasturni muvaffaqiyatli yakunlagan Shaxin 27-iyun kuni bo‘lib o‘tadigan bitiruv marosimida diplomni qo‘lga kiritadi. Shaxin grafika hamda dizaynni o‘rganishga qaror qilganini aytdi, chunki u rassomchilikni yaxshi ko‘radi va sanʼatga qiziqadi.

Uning aytishicha, uy bekasi ekanligi uning o‘qishiga xalaqit bermagan, o‘qish masalasida sotuvchi bo‘lib ishlaydigan turmush o‘rtog‘i unga katta yordam bergan.
Ayol, shuningdek, atrofidagi baʼzi odamlar uning yoshi katta bo‘lishiga qaramay, universitetga borishini g‘alati deb hisoblashlarini aytdi:
“Afsuski, atrofimdagi ayrim insonlar universitetda o‘qishimga salbiy munosabatda bo‘lishdi. ‘Shu yoshingda uyda o‘tir, universitetda nima qilasan?’, deganlar ham bo‘ldi. Ular meni bu yo‘ldan qaytarishgan bo‘lsa-da, o‘qishni tashlamadim, chunki o‘qish va o‘rganish uchun yosh cheklovlari yo‘q.
Otam moliyaviy qiyinchiliklar tufayli meni maktabga yubora olmadi va men o‘qishni tashlashga majbur bo‘ldim. O‘qish mening orzularimda qoldi. Yoshlarga ham, menga o‘xshagan o‘qishga kirmaganlarga ham o‘rnak bo‘la olsam, juda xursand bo‘lardim”, dedi 71 yoshli talaba.

Izoh (0)