Hamma narsani eshitib yurib, birdan eshitolmay qolish og‘ir. Yoningdagi odamlar kulayotganda sening ustingdan mazax qilayotgandek, kimdir tashvishlanayotganda esa unga bir nima qilgansan-u, xuddiki o‘shani ta’na qilayotgandek tuyulishi, ba’zilarning “kar ekan” degan tamg‘asini kichik jussada ko‘tarish esa haqiqatdan azob. Ma’mur Ahliddinovning eshitish qobiliyati yo‘qolganiga 36 yil bo‘lgan. O‘shanda u 6 yoshda edi. Birinchi sinfga endigina chiqqanda tish shifokorining xatosi ortidan eshitish qobiliyatini bir umrga yo‘qotadi. U ham shu jamiyatning to‘laqonli a’zosi, Yaratganning siz-u biz kabi bandasi bo‘lsa-da ko‘plab eshitish imkoniyati cheklanganlar (keyingi o‘rinlarda — EICh) singari turli to‘siqlarga duch kelgan. Eshitish va gapirish imkoniyati cheklangan (keyingi o‘rinlarda — EVGICh) odamlarning qachongacha nam va zax, dastgohlari eskirgan, bo‘yoqning hidi shundoqqina o‘pkani “sil” qiluvchi zavodlarda eng og‘ir yumushlarni bajarishi, avtoturargohlarda xo‘jayinning ko‘ngli tusasa haydalib, xohlaganda esa norasmiy ishlashi, ayrimlarning vahshiylarcha o‘q uzib ko‘zini-da ko‘r qilishi, eshitolmasligi ochiqchasiga eslatilishi uni doim qiynab kelardi. Shundanki, EVGIChlar ham savodli va ziyoli bo‘la olishini isbotlashni o‘ziga maqsad, ehtimol, burch deb qabul qilgan.
EIChlar muammolariga xalqaro hamjamiyatning e’tiborini qaratish maqsadida har yili sentabr oyining oxirgi haftasi Xalqaro karlar haftaligi sifatida nishonlanadi. Dastlab bir kun o‘tkazilgan bayram vaqt o‘tib, butun boshli haftalikka aylangan. Butunjahon karlar federatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda qariyb 72 million EICh odam bor. Norasmiy statistikaga ko‘ra, O‘zbekistonda 23 mingdan ortiq eshitish imkoniyati cheklangan fuqaro mavjud: Davlat statistika qo‘mitasi bu bo‘yicha aniq hisobot yuritmaydi. Shu bois EIChlarni 16 yoshdan ro‘yxatga oluvchi O‘zbekiston Karlar jamiyati (O‘zKJ), Maktabgacha ta’lim vazirligi va Xalq ta’lim vazirligi ma’lumotiga tayanishga majburmiz. Xo‘sh, aniq hisobi yuritilmayotgan odamlarga boshqa imkoniyati cheklanganlar uchun qonuniy imtiyozlar, imkoniyatlar qay darajada yetib boryapti? Ular o‘zini jamiyatning to‘laqonli a’zosi deb hisoblay oladimi yoki aksi? Ma’mur Ahliddinov eshitish imkoniyati cheklangan fuqaro sifatida O‘zbekistonda duch kelgan, kelayotgan to‘siqlari, nuqsoni borlik ayb sifatida qaralib kamsitilmaydigan Amerikaga borib o‘qishni xohlagani, ammo moddiy imkoniyati yetmasdan qaytib kelgani, eshitish va gapirish imkoniyati cheklanganlar haqida unchalik ham qayg‘urmaydigan O‘zKJ, EVGIChlar haqida jamiyat yo‘qotishni xohlamayotgan stereotiplar misolida bunga oydinlik kiritdi.
Ma’mur Ahliddinov — O‘zbekiston Karlar jamiyati a’zosi. Bir necha yildirki, O‘zbekistondagi EVGIChlar muammolarini o‘z blogida faol yoritib keladi. “Maktabgacha ta’lim metodikasi va nazariyasi” jurnali tahririyati matbaa bo‘limi mudiri. 2016—2017-yillarda AQShning Nyu-York shahridagi LaGuardia jamoatchilik kollejida ingliz tili va Amerika imo-ishorasi kurslari o‘quvchisi. O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi.
Quloqlarim eshitmaydi, ammo gapira olaman. Asli Qozog‘istonning Yettisoy tumanida tug‘ilib, sharoit taqozosiga ko‘ra 5 yoshligimda oilam bilan O‘zbekistonga ko‘chib kelganmiz. Jizzax viloyati Zafarobod tumanida yashab, 6 yoshga to‘lganimda maktabga chiqdim. O‘qish boshlanganiga endigina 3 oy bo‘lganida a’lo baholar olish bilan sinf rahbarining nazariga tushib qoldim. U kelayotgan yil yanvar oyidan sinfdoshim Lobarning o‘rniga sinf sardori qilishini, lekin men yanada yaxshi o‘qishda davom etishim kerakligini aytdi. Va’dadagi kunlar yaqin va men ham shuning harakatida edim.
Ammo hammasiga tish shifokorining ehtiyotsizlik qilgan o‘sha mash’um kun nuqta qo‘ydi. Kuzning sovuq tushgan kunlaridan birida tishim qattiq og‘rib qoldi. Onam qishlog‘imizdagi tish doktoriga olib bordi. U og‘zimni kattaroq ochib turishimni aytib, tishimga birrov qaradi-da boshqa davo choralarini o‘ylab ham ko‘rmasdan, bir nafasda tortib tashladi. Haligacha o‘sha kun yodimdan ketmaydi.
Eng dahshatlisi — u bu amaliyotni hech bir ukol va og‘riq qoldiruvchi dorilarsiz qilgan edi. Natijada qulog‘im bilan bog‘langan nerv hujayralariga jiddiy zarar yetib, ikki kun boshim aylanib yurdi. Uchinchi kuni uyquga yotgan ko‘yim ko‘zimni ochmabman. Menga aytishlaricha, qo‘rqib ketgan onam shahar poliklinikasiga olib borgan. U yerdagi doktorlarning tezkor harakatlari bilan hushimga kelganman. Ko‘zimni ochsam, oppoq xona, men esa karavotda yotibman. Oyog‘im boshida onam. Yig‘lab bir nimalar deb og‘zini qimirlatar, ammo nima deyotganini eshitmasdim… Shundan keyin bilsam, eshitish qobiliyatimni yo‘qotgan ekanman (yig‘lab)!
Shifokorlar maslahati bilan Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasining LOR bo‘limida davolanishni davom ettirdim. Sog‘lig‘im tiklanib, ahvolim yaxshilandi, ammo eshitmaslik menga azob bera boshladi. Uydagilar maslahatlashib, Moskvada davolatdi. Biroq uning ham foydasi bo‘lmadi. Rahmatli Tilovmurod bobom tabiblarga olib borar, undan ham bir naf chiqmasdi. Orada shuncha narsa bo‘lib o‘tibdi hamki, tishimni tortgan shifokor, ahvolimni bila turib bir og‘iz uzr ham so‘ramadi. Onda-sonda uyimizda u haqida tanqidiy muhokamalar bo‘lib turardi. Soddalikdanmi yoki o‘t kamtar va oddiy oila bo‘lganimiz uchundir shifokorga hech bir da’vo bilan chiqmaganmiz. Hozir u vafot etib ketgan. Shu-shu qulog‘im eshitmagani uchun maktabga ham chiqmay qo‘ydim.
Bir kuni o‘qituvchim Elomon aka maktabga bormayotganim sababini bilish uchun uyimizga kelib, onamdan bo‘lib o‘tgan voqeani eshitgach, o‘qishga boraversin, uni birinchi partaga o‘tqazamiz, u bilan o‘zim alohida shug‘ullanaman dedi. Maktabga bordim, ammo bunday holatda o‘qish juda og‘ir edi. Chunki hech narsani eshitmasdim. Yozuvdan ko‘rib, lab harakatlaridan tushunib olishga ko‘nikish esa yillarni talab etardi. O‘sha paytlar viloyatdagi EICh bolalar uchun mo‘ljallangan maxsus maktablarda o‘qitish sifati qoniqarli emas, sharoitlar ham deyarli yo‘q edi. Shuning uchun bobom, onam meni u yerga yuborishga unamagan.
Qo‘shnimiz Dilshod o‘qishga kirib, Toshkentga borganida EICh bolalar uchun maxsus maktab-internatni ko‘rgan ekan. Uning onasi Rixsi opa har zamonda onamning oldiga chiqib meni o‘sha yerda o‘qitishlari kerakligini aytardi. Oilamdagilar yaqinlarimiz bilan maslahat qilib meni shu yerga o‘qitishga qaror qildi. Shunday qilib Toshkent shahridagi 102-sonli zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatida 2-sinfdan o‘qiy boshladim. 1997-yil 10-sinfni bitirib, Toshkent shahridagi Ijtimoiy ta’minot vazirligiga qarashli kasb-hunar bilim yurtiga o‘qishga kirdim. Bu yerda eshitolmaydiganlar uchun maxsus imkoniyat — surdo tilini biladigan o‘qituvchi bo‘lmaganidan ta’limim qoniqarli kechmagan.
Ammo baxtimga maxsus maktabda yaxshi o‘qigandim. Savodim chiqqan. Endi kerakli kasb, ilmni o‘rganishim uchun imkoniyat bor. Harf taniyman, surdo tilini tushuna olaman. Bu yog‘i faqat va faqat o‘zimning qo‘limda edi. Kasb-hunar maktabini tugatib ilk ishimni Jizzax viloyati Zafarobod tumanida fotograflikdan boshlaganman.
Biz yo‘qotilgan avlodmiz. EIChlarning eng og‘ir mehnatlarda ishlashi — nomi bor-u o‘zi bo‘lmagan ta’limdan
Meni-ku amal-taqal qilib yaxshi maxsus maktab yo‘qligidan Toshkentda o‘qitishdi. Ammo eshitish imkoniyati cheklangan qanchadan qancha viloyatlar, qishloqlardagi qorako‘zlar bunday qoniqarsiz ta’limdan savodsiz ulg‘ayishga mahkum bo‘lgan. Toshkentda men o‘qigan kasb-hunar bilim yurtida ham EVGIChlar ta’limi uchun sharoitlar yo‘q edi hisob. To‘g‘ri, u yer EVGIChlarni o‘qitishga ixtisoslashmagan, ammo bizning borligimiz ham inobatga olinmagan.
O‘qituvchilar imo-ishora tilini bilishmas, EVGIChlarga shu ham bo‘laveradi tarzida artikulyatsiya bilan dars o‘tishardi. So‘zlarni artikulyatsiya orqali ajratish esa juda qiyin. Ular orasida hatto aroqxo‘rlari ham bor edi. Guruhda 40 kishi o‘qisak, faqat 10-12 nafarimizgina doimiy darslarga borardik. Qolganlar tirikchilik uchun turli yollanma ishlarda ishlar va topganining bir qismiga domlalarga derazadan aroq keltirib berishardi. Shunda ularning dars qoldirgani bilinmay keyingi kursga o‘tishi osonlashardi. Axir ular ham kun ko‘rishi kerak edi-ku. Birov bir burda nonni tekinga beradimi?
Nogironlik bo‘yicha nafaqani tayinlashning o‘zi esa ming azob edi. Nogironligim orttirilgani uchun har yili vrachlar qabulidan sarg‘ayib o‘tardim. Bu eshitmasligimni isbotlashga majbur edim degani. O‘sha avlod bugun birovlarning qo‘lida xor bo‘lib ishlash, ehtimol, yashashga-da majbur bo‘lmoqda. Ular bugun ishlab, ertaga o‘rniga eshita oladigan boshqa odam kelganda quvilishi aniq bo‘lgan norasmiy ishchilar.
Aksariyati yerosti tunnellarida tarozida vazn o‘lchovchi, bo‘yoq zavodlarida bir necha o‘n soatlab toza havo olmasdan ishlovchi xodim, dastgohlari eski, zax yerto‘lalarda sex xizmatchisi, avtoturargohlarda ko‘plab haydovchilar ustidan kulsa, xo‘rlasa, ba’zida jirkansa-da ishlab kelmoqda. Aniqrog‘i, yashash uchun kurashmoqda. Ular ishlayotgan sharoitda o‘ziga yana bir kasallikni orttirishi tayin. Qolaversa, bunday sharoitda sifatli mahsulot ishlab chiqarib bo‘lmasligi ham kundek ravshan. Qonun bo‘yicha har bir davlat tashkiloti nogironligi borlar uchun uch foizlik kvota ajratishi kerak. Ammo ish so‘rab borgan nogironligi borlar, ayniqsa, EVGIChlarning ishga olinishi juda ozchilikni tashkil qiladi.
Bugun O‘zbekistonda qancha EVGICh fuqaro ish bilan ta’minlanganini bilish maqsadida Statistika qo‘mitasiga murojaat qildik. Ammo o‘zining aniq raqami mavjud bo‘lmagan EVGIChlarning ish bilan ta’minlagani ham mavhum edi.
Hammasiga nomi bor-u, o‘zi yo‘q bo‘lgan ta’lim sababchi. Agar vaqtida qoniqarli maxsus maktablar, surdopedagoglar bo‘lganda, EVGIChlar ijtimoiy himoyasi ta’minlanganda edi, ehtimol, vaziyat boshqacha bo‘larmidi? Bor umid esa — bugundan. Hozir davlatning EVGIChlar ta’limi, ijtimoiy himoyasiga ajratadigan e’tibori ertaga ular ham bizning ahvolimizga tushmasligining kafolati bo‘lishi mumkin.
Nima bo‘lsa ham ziyoli bo‘lishim kerak edi. EIChlar ham buni uddalashini isbotlashni xohlardim…
Eshitmaydigan va gapira olmaydigan odam ishlay olmaydi degan stereotip bor jamiyatimizda. Ammo bizning sizlar (eshitadigan va gapira oladiganlar nazarda tutilyapti — izoh “Daryo”) dan deyarli farqimiz yo‘q. Eshitmasak ham ishorani tushunamiz. Nari borsa ko‘p narsani ich-ichimizdan seza olamiz. Eshitish retseptorlari ishlamaydigan odamlarning ichki sezgilari kuchli bo‘ladi. Qo‘l-oyog‘imiz, ko‘zimiz bor. Agar u ham bo‘lmasa, Xudo bizni ham chorasiz qoldirmagan. Nimadirimiz bilan bo‘lsa ham ishlay olamiz. Faqat bizga siz ishonch bildirib, javobgarlikni o‘z bo‘yningizga olgingiz kelmaydi, xolos.
Menga ham vaqtida “Ma’rifat — madadkor” nashriyoti rahbariyati ishonch bildirgani uchun hozir stulda, aqliy mehnat bilan ishlayapman. Shunchalik kuchli xohlagan ekanmanki, meni taqdirning o‘zi yana Toshkentga yetakladi. Bilasizmi, viloyatdagi EVGICh odamlarning ko‘pchiligi rasmiy ish bo‘lmasa ham poytaxtda ishlashni xohlaydi. Masalan, Toshkentdagi avtoturargoh ishchilari, tarozida vazn o‘lchovchi, kalit sotuvchilar orasida talaygina viloyatliklar uchraydi. Ehtimol, biz bu yerda haq-huquqlarimizni kamroq toptalgandek his etarmiz. Axir sizlarda ham shunday-ku. Yaxshi sharoit izlab poytaxtga o‘qish, ishlash uchun kelib, shu yerda qolib ketasiz. Bu holat bizdan ham yiroq emas.
Toshkentdagi ishimni 2001-yilda “Ma’rifat — madadkor” nashriyotida operator-teruvchi, vyorstkachilikdan boshlaganman. O‘sha paytda tahririyatlarda kompyuter sanoqligina bo‘lgani uchun jurnalistlar o‘z ishlarini qo‘lda, ruchkada yozib harf teruvchi maxsus xodimga berardi. Bizning nashriyotdagi o‘sha xodim esa men edim. Maqolalarni bittalab harf terib yozib chiqardim. Bu qiyin va ko‘z nurimni olib qo‘ysa-da, oyligim kam bo‘lsa-da ishim o‘zimga yoqardi. Ko‘plab sinfdoshlarim, tanishlarim har ko‘rganda EVGIChlar ishlaydigan bo‘yoq zavodiga o‘tishim, u yerda oylik yaxshiligini aytardi.
O‘shanda mening oyligim 8 ming so‘m edi. Ular esa zavoddan 80 ming olar ekan. Ammo buni xohlamasdim. Zavod va sexlarda ishlash yomon ish deyishdan mutlaqo yiroqman. U yerda ishlaydiganlar haqiqiy, chin mehnatni qiladi. Eshitmasdan turib ishlay olish esa katta matonat. Ammo u yoqqa o‘tsam, maqsadim oldida bo‘sh-bayov, shunchaki quruq gapirgan lattachaynar bo‘lib qolmasmidim? Men ziyoli bo‘lishim, odamlarning EIChlar haqidagi navbatdagi stereotipini parchalab tashlashim kerak edi. Nima uchun EIChlar ziyoli bo‘lolmas, yaxshi ishlarda ishlamas ekan degan savolni o‘zimga ko‘p berardim. Qolaversa, kelajagimni ham o‘ylaganman. Kompyuter, texnika kelajak kasbi ekanligini o‘shanda tahririyatdagi hamkasblar ko‘p aytardi. Shuning uchun ham sabr qilganman.
Ma’mur Ahliddinov bilan suhbatni uning ishxonasi “Maktabgacha ta’lim metodikasi va nazariyasi” jurnali tahririyatida o‘tkazganimiz uchun u haqda hamkasblari ham ko‘plab fikrlar bildirdi. Jurnal bosh muharriri Nasiba Erxonovaning aytishicha, Ma’mur Ahliddinov poytaxtdagi barcha avtoturargohlarda bo‘lib, ularda ishlaydigan EVGIChlarga kompyuter dasturlarini tekinga o‘rgatishi va o‘rgangan yo‘nalishida ish topishda ham ko‘mak berishini aytgan. Hayron qoldirgan jihati — taklifni biror EVGICh qabul qilmagan. “EVGIChlarga munosabat shu darajadaki, ular o‘zlarini zamonaviy kasblarga hatto tasavvur ham qilib ko‘rolmaydi. Aksari tayyor ishidan ayrilishdan qo‘rqadi.”, — deydi Ahliddinovning o‘zi.
Keyinchalik “Ma’rifat” — “Учитель Узбекистана” gazetalarida dizayner, “Ma’rifat-Press”, “Ta’lim-Media” MChJlarda sahifalovchi-dizayner, “Til va adabiyot” (Преподавание языка и литературы) va “Pedagog minbari” (Трибуна педагога) jurnallarida bosh dizayner vazifalarida ishladim. Ayni damda esa “Maktabgacha ta’lim metodikasi va nazariyasi” jurnali tahririyati matbaa bo‘limi mudiriman. Gazeta va jurnallar tahririyatida vyorstka va dizayn ishlari bilan shug‘ullanib, maqolalar ham yoza boshladim.
Bir kuni “Ma’rifat” dagi sahifalovchi xodim o‘zining o‘rnida ishlab turishimni iltimos qildi. Ta’limning boshi nashr bo‘ladi. Arzimagan bittagina xato millionlab ta’lim oluvchilarga noto‘g‘ri saboq berib qo‘yishi mumkin. Qo‘lim qaltirab qolgandi. Rozi bo‘lsam, avval bu ishni qilmaganman, xato qilsam nima bo‘ladi? Yo‘q desam, uning o‘rniga ishlab turish uchun mendan boshqa odam ham yo‘q edi. Yomon ishlamabman. Keyinchalik o‘sha hamkasbim boshqa lavozimga o‘tgani uchun sahifalovchi dizaynerlikni menga topshirishdi. Eshitmasam, tajribam bo‘lmasa-da ular menga qayta-qayta ishonishgan. Bu ish davomida gazetadagi hamma maqolalarni o‘qib, tahlil qilib turardim. Kuzatishlarimdan bildimki, matbuotda EVGIChlar muammolari deyarli yoritilmas ekan. Ishlagan nashrlarimning ta’limga ixtisoslashgani ham EVGIChlar ta’limidagi muammolarni yozishim uchun yaxshigina minbar bo‘ldi.
Birinchi marta maqolam maktabni bitirganimdan 10 yil o‘tib chiqqan. O‘shanda maqola talablariga uncha mos tushmasa-da, bosh muharrir tahrirlab, ko‘nglim uchun chiqargandi. Asta-sekin yozishga mahoratim oshib, katta maqolalarga ham kirib kelganman.Yaratgan birovning qo‘liga bejiz qalam tutqazmaydi. Ehtimol, menga ham qalamni EVGIChlarning muammolari, ularga bo‘ladigan turli cheklovlar, ta’limidagi kamchiliklarni yoritishim uchun bergandir.
Ota-onalar EVGICh bo‘lib tug‘ilgan bolasini hammadan yashirishga harakat qiladi
Diskriminatsiya shunchalik kuchliki, nogironligi bo‘lgan odam jamiyatga singib ketolmaydi. Kamdan kam imkoniyati cheklanganlargina odamlarning qarashiga e’tibor bermay yo‘llarida davom eta oladi. Oyog‘ida protezi bor qiz o‘ziga qulay kiyinmaydi. Protezning ustidan qavat-qavat kiyim kiyishga, iloji boricha uni berkitishga harakat qiladi. Ammo o‘ziga boshqa muammo — yurish uchun noqulaylikni paydo qiladi. Agar qishloqlarda bola nogironlik bilan tug‘ilsa, ota-onasi iloji boricha uni tashqariga chiqarmaydi. Odamlarning ko‘zidan yiroqda tutadi. Hatto ba’zan maktabga-da borishga imkon bermaydi. Uyda mol-hollarini boqtirib, qiyin va og‘ir ishlarini qildirishadi. Ha, bola o‘z dilbandi. Ammo bundaylar uchun tanish-bilishining oldida bolasi nogiron ekan degan gap bo‘lmasligi muhimroq.
Ota-onasi, qarindosh-urug‘i tomonidan kamsitiladigan ko‘plab EVGIChlar maslahat so‘rab menga yozadi. Har tomondan cheklanayotgan bir qizga haligacha qanday yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishni bilmayman. Qizning eshitishida bolalikdan nuqsoni bo‘ladi. Ota-onasi buni hammadan yashirib, ko‘chaga chiqarishmagan, maktabga kam yuborib, tanish-bilishchilik orqali maktabni bitirtirib oladi. U voyaga yetgach, eshiklarini qoqib kela boshlagan sovchilardan ham qizning eshitishda nuqsoni borligini yashirib, o‘zi bunday yolg‘onni xohlamasa-da majburlab turmushga beradi. To‘ydan keyin kelin farzandli bo‘lavermagach, kuyov taraf ezishni boshlaydi. Orada eshitish qobiliyati yanada pasayishi bilan birga, ruhiyati ezilgan, jismonan qiynalgan qizning oyoqlari qattiq og‘rib, yurolmasdan qoladi. Shundan keyin kuyov uni ota-onasinikiga tashlab ketgan. Endi qiz nafaqat eshitolmaydi, balki yurish imkoniyatidan ham mahrum.
Shuncha bo‘lib o‘tganlardan saboq olmagan ota-ona qizni hatto nogironligi borlar ro‘yxatiga ham qo‘yishmayotgan ekan. Ro‘yxatga qo‘yilganda harna davlat tomonidan to‘lanadigan nogironlik nafaqasi hisobiga hozirgi ahvolidan ham yomon bo‘lmasligi uchun dor-darmon qilardi. Ehtimol, davlat tomonidan nogironligi borlarga beriladigan uylardan olib mehrsiz, faqat o‘zini o‘ylaydigan ota-onasidan qutular, hayotda yashash uchun kuch toparmidi? Qizning holidan xabari borlar nogironlik aravachasi olib borib beribdi. Ammo ota-onasi uni ham olmay chiqarib tashlab, bizga kerak emas debdi. Agar uni olishsa, odamlar palonchining qizi kar ekan, endi yurolmay qolibdi degan gapni aytar emish.
Qiz tashqi olamdan uzilib qolgan — yotgan joyidan turolmayapti. Undan tashqari oilada ukasi bor, ammo ukaning muomalasi ham ota-onasinikidan kam emas. Axir u bechorada nima gunoh. Allohning irodasi emasmi bu? U bilan birov gaplashay desa, hatto imo-ishora tilini ham bilmaydi-ku. Bunday holatlarning ko‘pi haqida eshitaman, duch kelaman. Shunday paytlarda bir necha yil oldin Germaniyada bo‘lgan bir voqea esimga tushadi. EVGICh ota-onaning farzandi ham shunday bo‘lib tug‘ilgan. Shifokor qulog‘iga implant qo‘ymoqchi bo‘lganda ota-onasi qarshilik qilgan. Shunda ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari heshteglar bilan bunga jiddiy qarshiliklar bildirishadi. Ko‘ngilli bir advokat sudda shifokorning implant qo‘yish harakatini himoyalab, sudda yutib chiqadi. Shifokor esa bolaning qulog‘iga imlant qo‘yishga erishadi. Nogironligi bor odam ham shaxs. Uni majburlashga, sog‘lig‘i xavf ostida qolganda oldinga harakat uchun yo‘l bermaslikka hech kimning, hatto ota-onaning ham haqqi yo‘q.
Davlat imkoniyati cheklanganlarning ham xorijda o‘qishini qo‘llab-quvvatlashi kerak
2016—2017-yillarda AQShning Nyu-York shahridagi LaGuardia jamoatchilik kollejida ingliz tili va Amerika imo-ishorasi kurslariga qatnadim. Bu Amerikaga birinchi borishim emasdi. 2011-yili sinfdoshimning to‘yiga borib, yana kelishni ko‘nglimga tugib qo‘ygandim. 2016-yili butunjahon karlar ko‘rgazmasi — DeafNation World Expo’da ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tdim. Peshonamga o‘sha yerga borish yozilmagan ekan. Ko‘rgazmaga ayrim sabablarga ko‘ra borolmadim. Ammo borishim kerak degan o‘y butun miyamni egallab olgan, ketish uchun har qanaqasiga harakat qilib ko‘rdim. Maqsadim AQShda eshitish imkoniyati cheklanganlar uchun jahondagi yagona oliy ta’lim muassasasi — Gallodet universitetida o‘qish edi. Ozroq vaqt o‘tib, imkon topishim bilan jo‘nab ketdim.
Universitetda dunyoning turli burchaklaridan har xil millat vakillari kelib o‘qiydi. O‘qishga kirish uchun asosiy talablar: Amerika imo-ishorasi va ingliz tilini yaxshi bilish va imtihondan muvaffaqiyatli o‘tish. Ammo O‘zbekistonda ingliz tilini biladigan surdopedagoglar yo‘qligi, EVGIChlar uchun ixtisoslashtirilgan maktablarda ingliz tili darsi o‘tilmasligi, boringki, o‘rganishim uchun maxsus kitoblar, qo‘llanmalarning yo‘qligi meni Gallodetdan ayirib turgandi. Ustiga-ustak o‘qish uchun kontrakt puli juda qimmatlik qilgan. Yo‘l izlayverib Amerikadagi do‘stlarimning tavsiyasi bilan LaGuardia jamoatchilik kollejida ingliz tili va Amerika imo-ishorasini o‘rganishga qaror qildim.
O‘qish muddati uch semestrdan iborat bo‘lib, har biri uch oydan davom etardi. Men esa muddati tugayotgan vizam sababli uning 2 semestrinigina o‘qiy olganman. Vizam B1 — sayohat va biznes uchun mo‘ljallangan bo‘lib, 6 oyda O‘zbekistonga borib kelish kerak edi. Haftada ikki marotaba darsga borib, qolgan kunlari keksa eshitish imkoniyati cheklanganlarni sog‘lomlashtirish va ko‘ngilochar markaziga Amerika imo-ishorasini o‘rganish maqsadida amaliyotga borardim. Nafaqat eshitish imkoniyati cheklanganlar, balki ko‘zi ojizlar ham qatnaydigan markazda ular bilan ishlash sirini, qo‘lni qo‘lga berib (taktil alifbosida) muloqot qilishni o‘rgandim. O‘quv kursi, yashash uchun ijara puli qimmat edi. Musofirchilikda osonmas, albatta. Agar ta’limim uchun homiy bo‘lganda, bor e’tiborimni o‘qishga qaratardim. Men ham bersang yeyman, ursang o‘laman deydiganlardanmas edim.
O‘shanda EIChlarning ham chet el universitetlarida o‘qishini qo‘llab-quvvatlaydigan grantlar davlat tomonidan ajratishi kerakligi haqida ko‘p o‘ylaganman. Aytishingiz mumkin: O‘zingiz hamma bilan teng munosabatda ko‘rilishni xohlaysiz, ammo kerak bo‘lganda imtiyoz so‘raysiz, davlat tomonidan hamma uchun ajratiladigan grantlardan foydalaning deb. Agar bizda ham bog‘cha, maktab va universitetda oladigan ta’lim bazasi, fanlardagi xilma-xillik, malakali ustozlar xuddi sizlarga berilganidek bo‘lgan edi, men ham imtiyozni so‘ramasdim. Ammo naridan-beri qilib o‘tilgan darslar bilan EIChlar sizga raqib bo‘lishining o‘zi adolatsizlik.
Shu bilan O‘zbekistonga qaytdim. 42 yillik umrim davomida yagona armonim — Gallodetda o‘qish bo'lib qoldi. Ammo hozir ham qandaydir ilinj meni to‘xtamaslikka undaydi. Ingliz tilini mustaqil o‘rganishda davom etyapman. Harakatda gap ko‘p. Harakat qilib o‘rganib ketaman. Ehtimol, peshonamga kelajak hayotimning qaysidir qismida Gallodetda o‘qish yozilgandir. AQShga ketishdan oldin “Til va adabiyot” jurnalida ishlaganman. Bosh muharrir ketishimni xohlamagan. Xayriyatki, u ishdan bo‘shash haqidagi arizamni yozayotganimda 6 oy muddatda qaytib kelishim mumkinligini yozishimni, faqatgina shu shart bilan ketishimga rozi bo‘lishini aytgan. Amerikadan kelgach ishsiz qolmadim. Yana o‘sha jurnalda ishimni davom ettirganman.
Nuqsoni bo‘lishni ayb sanaymiz. Biz qanday insonmiz?!
Bank, notarius, shifokor qabuli, bozor. Qayerda bo‘lmaylik bizni tushuna oladigan va tushuntirish imkonini beradigan odamlar kamyob. Ularga imo-ishora bilan gapirsangiz, siz nimanidir xato qilishingizni kutib turgandek mazax qiladi. Yuzlarini bujmaytirib, bizning oldimizda chetroqqa ketishga harakat qiladi. Ijtimoiy tarmoqlar orqali, do‘stlarim bilan suhbatda, sayohatlarim davomida ko‘plab davlatlarda eshitish imkoniyati cheklanganlarning o‘rni, ularga munosabatlarni kuzataman. Shuning ortidanmi, bu borada O‘zbekistondagi vaziyatni solishtirib, tahlil qila olaman. Menga eng og‘ir botadigani ham shu. Chunki EVGIChlar, nogironlarga yaxshi munosabat bilan qaraydigan davlat-u jamiyatlarni ko‘rdim. Qaytgach har tarafdan bosim va cheklovlarni qabul qilishim esa qiyin. Yana biz o‘zimizni musulmonmiz deymiz. Axir musulmon musulmonning ko‘nglini og‘ritishi, hatto birov haqida yaxshi yoki yomon gumonda bo‘lishi mumkinmi?
Amerikada odamlar qo‘rqinchli, tatuirovkasi bor, ammo qalbi toza. Nogironlarga past nazarda qarashmaydi. Agar shunday bo‘lsa ham ochiqdan ochiq sezdirmaydi. Chunki jazo tayinligini biladi. Qonunlar hamma uchun teng ishlaydi. Ikkita o‘xshash holatni taqqoslasam: Nyu-York fastfud tarmoqlaridan birida buyurtma qilish uchun navbatda turibman, ammo buning uchun nima qilishni, kimga murojaat qilishni bilmay turgandim. Shunda tarmoq xodimlaridan biri kelib, mening eshitolmasligimni bilib, hammasini yotig‘i bilan yozib tushuntirgan. Navbatim kelishi bilan, tayyor turgan buyurtmamni olib ketganman. Biror baqir-chaqir, hammaning birdaniga qarashi, barchasidan xoli va qulay holda o‘tib ketgan. Ammo bizda oyog‘osti qilib, turtkilab o‘zim turgan navbatga ham ega chiqishadi.
Bir marta notariusda navbat kutishimga to‘g‘ri kelib qoldi. Navbatim kelgach qaysi xonaga kirishni bilmay, kutib turgandim. Kimdan, qanday so‘rashni ham bilmayman. So‘rashga so‘rab ular gapirganda indamay turish, eshitolmaslik ham xijolat qiladi. Meni notarius xodimi chaqirgan, ammo eshitmaganman. Ortimda turgan erkak bir qo‘lini paxsa qilib, ikkinchisi bilan g‘azablangancha siltab yuborgan. Hammaning e’tibori menda. Qani endi yer yorilsa edi-yu shundoq kirib ketsam o‘sha payt. Oxiri bir yosh xodim kelib yozib nima xohlashimni so‘radi. Keyin kulib nimalar qilish, yana qanday hujjatlar kerakligini rus tilida yozib bergan. O‘zi o‘zbek, birinchi marotaba yozganda ham o‘zbek tilida yozgandi. Rus tilidagi matnida xatolar juda ko‘p edi. Shunda ruchkani olib, uning hamma xatolarini to‘g‘rilab ko‘rsatdim va aytilganlarni tezda olib kelishimni bildirgandim. Yigit qizarib, uyalib qolgan.
Mana ko‘rdingizmi, hamma bizni savodsiz, yozish-u o‘qishni bilmaydi deb hisoblaydi. Kalaka qiladi. Ammo men uchta tilni bilaman, yana bittasini o‘rganyapman. Bunday voqealarni eslasam ichimdan zil ketaman. Men-ku bemalol o‘qiy olarman. Ammo u bu harakatini savodi yo‘q EVGIChga qilsa, bir odamga nisbatan qanchalik tahqirlash bo‘lardi. Amerikada qonun bor. Agar biror xodim bunday harakat qiladigan bo‘lsa jazolanib, ishdan bo‘shatiladi. Bozorlikka, do‘konlarga, dorixonalarga borsam qiynalaman. Sotuvchilarning gapini eshitolmayman. Yozib berishlarini so‘raganimda esa hamma ham bunday mardlikni qilavermaydi.
O‘zbekiston Karlar jamiyati biz uchun yopiq hudud
O‘zbekistondagi EVGIChlarni bitta nuqtaga birlashtiruvchi yagona tashkilot O‘zKJ sanaladi. Jamiyatimiz biz uchun har tomonlama yopiq. Biror ma’lumot olmoqchi bo‘lsak, kimga murojaat qilishni ham bilmaymiz. Qariyb yuz yildan beri mavjud jamiyatning na sayti va na matbuot xizmati mavjud.
Ma’lumot uchun: O‘zKJ 1929-yilda tashkil topgan bo‘lib, 2019-yil 90 yilligini nishonlagan.
Karlar jamiyati a’zolari har yili mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 10 foizi hisobida a’zolik badali to‘lashi kerak. O‘zKJ NNT bo‘lgani uchun faoliyatining ma’lum qismi ushbu mablag‘lar miqdoridan qoplanadi. Rasmiy bo‘lmagan manbalarga ko‘ra, 2019-yilda Karlar jamiyatining 75 foiz a’zosi ushbu badalni to‘lamagan.
Holbuki, a’zolik badalini to‘lamagan taqdirimda ham ular menga axborot berishga majbur edi. O‘zbekiston fuqarosi sifatida o‘z konstitutsion huquqimga ko‘ra, konstitutsion tuzumga qarshi bo‘lmagan istalgan turdagi axborot olish huquqiga egaman. Bunaqa ochiqdan ochiq diskriminatsiyaga qanday chidash mumkin? Xo‘sh, endi ayting, men nega a’zolik badali to‘lay bu jamiyatga? Aslida, nizomni biror kimdan so‘ramasdan Karlar jamiyatining saytidan olishim kerak. Ammo o‘sha saytning o‘zi yo‘q. Endi o‘zim axborotlar yozuvli matn va surodotarjimonning tarjimasi bilan beriladigan zamonaviy sayt ochishni rejalashtiryapman.
Qayd etish lozimki, bundan uch oy avval — 2021-yil iyul oyida “Daryo” muxbirining surdotarjimon Gulnora Mahkamova bilan bo‘lgan suhbati paytida ham O‘zKJning sayti mavjud emas edi. Shuning uchun, O‘zKJ a’zolari norasmiy hisob-kitoblar asosida berilgandi. Aslida bu kabi statistik ma’lumotlar jamiyat saytida bo‘lishi kerak.
O‘zim ayni damda O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining sirtqi ta’limi, 3-bosqich talabasiman. Uch yildan beri o‘qisam-da universitet tomonidan surdotarjimon berilmaydi. Balki qonunlarimiz shunaqadir, balki OTMda EVGICh talabalar o‘qishini inobatga olishmagan, olishmayotgandir.
Ma’lumot uchun: “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahririga ko‘ra, jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan bolalar (shaxslar) uchun ta’lim tashkilotlarida inklyuziv ta’lim tashkil etilishi va ushbu tartib esa Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi aytilgan. Inklyuziv ta’lim esa qobiliyatlar va holatdan qat’i nazar barchaga sifatli ta’lim tashkil etish degani. Demak, o‘zida imkoniyati cheklangan shaxs o‘qiyotgan muassasa imkoniyati cheklangan ta’lim oluvchilar uchun sharoitlar yaratib berishi kerak. Ushbu sharoitlarga surdotarjimon xizmati ham kiradi, albatta.
Oliy ta’lim vazirligi matbuot xizmatidan O‘zbekiston OTMlarida eshitish imkoniyati cheklangan, zaif eshituvchi qancha talaba ta’lim olayotgani to‘g‘risida ma’lumot so‘raganimizda, nogironligi bo‘lgan talabalarning nogironlik turlari hali alohida guruhlarga bo‘linmaganini aytishdi. Bundan 2 oy oldin ham — 2021-yil iyul oyida maqola muallifi boshqa materiali uchun xuddi shu ma’lumotlarni so‘rab vazirlik matbuot xizmatiga bog‘langandi. Matbuot kotibi Sardor Usmonov OTMlarda 2021-yil hisobida qancha nogironligi bor talaba ta’lim olishi haligacha hisoblanmagani, ammo 2020-yil holati bo‘yicha tezda hisoblab aytishlarini ta’kidlagan. Bir hafta o‘tgach “Daryo” ga 2020-yil hisobi bo‘yicha taqdim etilgan ma’lumotlarda esa faqat 1- va 2-guruh nogironligi bor talabalarning statistikasi ular o‘qiydigan ta’lim muassasalari va fakultetlari bilan keltirilgan va ulardagi miqdor nogironlik toifalari bo‘yicha ajratilmagan edi. Ma’lumotlarni tekshirish uchun bir qancha tanish OTMlarning o‘zidan qancha nogironligi bor talaba o‘qishi haqida olingan raqamlar esa vazirlik matbuot xizmati taqdim etgan statistikaga mutlaqo to‘g‘ri kelmas edi. Mana oradan 2 oy o‘tib yana shu masala ko‘tarildi hamki, raqamlar mavjud emas.
E’tibor beradigan bo‘lsak, nogironligi bor shaxslar uchun O‘zbekistonda 2018-yilda ikki foizli ta’lim granti ajratilgan va 2018—2019-o‘quv yilidan ushbu grantlarga talabalar qabul qilingan. To‘rt o‘quv yili o‘tibdi hamki, ularning soni hisoblanilmay kelmoqda. Xo‘sh, raqamlarning o‘zi aniq emas ekan, har yili davlat byudjetidan ta’lim uchun ajratilayotgan pullar ta’lim uchun ehtiyojlarga qanday taqsimlanmoqda? Qaysi OTMga nechta surdotarjimon, boshqa nogironlik toifalari bo‘yicha nechta pandus, Brayl alifbosidagi kitob kerakligi qanday aniqlanmoqda?
O‘zbekistonda ta’lim haqida gap ketganda odatda Finlyandiya tajribasini o‘rnak qilib ko‘rsatishadi. Shuni bilib qo‘yishlari lozimki, bu mamlakatda inklyuziv ta’lim ham o‘z o‘rnida va sifatli berib boriladi. Andoza olganda shu jihatlarni ham unutmaslik kerak. Oliy ta’lim muassasalarida ehtiyoj bor qismlarni aniqlab hech bo‘lmaganda bitta surdotarjimon ajratish kerak. Ko‘plab yig‘ilishlar, treninglarda to‘rt-beshtalab EVGICh bo‘lsa-da surodotarjimon chaqirishmaydi. Go‘yoki biz u olamdan tashqariga yulib otilgan bir olamdek. Shunday paytlarda o‘zimizning yonimizdan to‘lab surdotarjimon olishga majbur bo‘lamiz.
Men-ku ma’lum yoshni yashab, ishim va o‘rnimni topganman. Surdotarjimon yollashga imkonim bor. Ammo oliy ta’lim orqali hayotda o‘z o‘rnini topmoqchi bo‘lib harakat qilayotgan-u moddiy imkoniyati yo‘q talabalar nima qiladi? Beriladigan nogironlik nafaqasiga dori-darmon qilsinmi yoki surdotarjimonga bersin? Biz o‘zi Karlar jamiyatiga a’zolik badalini to‘lab o‘zimizga kerak bo‘lganda jamiyatda ishlaydigan surdotarjimonlar xizmatidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishimiz kerak.
Surdotarjimonlarning oyligi juda pastligidan ularga o‘zimiz olgan kunimiz uchun yo‘l xarajati, choy-chaqasiga deb ko‘ngildan chiqarib to‘rt-besh so‘m beramiz. Ularning ham bola-chaqasi, oilasi bor. Bu darajada kam oylikka ishlashning o‘zi bo‘lmaydi. Ular ham bemalol yuqoriroq oylik to‘lanadigan ishga o‘ta oladi. Ammo bilishadiki, o‘zlarining sanoqligina ekanliklari, ular ham jamiyatni tark etsa, EVGIChlarga yanayam og‘ir bo‘lishini.
Ma’lumot uchun: Karlar jamiyatida ishlaydigan surdotarjimonlardan birining aytishicha, ularning oylik maoshi 900 ming so‘mni tashkil etadi. Bu esa mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan 78 minggina ko‘p degani.
Imkoniyati cheklanganlar ta’liming istalgan shakli — maktab, bog‘cha, oliy ta’lim, kasb-hunar ta’limi, o‘quv kurslari, qay biri bo‘lishidan qat’i nazar qo‘llab-quvvatlash kerak. Ta’lim — najot. Ayniqsa, imkoniyati cheklanganlar uchun. Rivojlangan va o‘rnak olishimiz mumkin bo‘lgan hamma mamlakatlarda ham ta’limga faqat davlat tomonidan sarmoya kiritilavermaydi. Bizda ham shunday himmatlilar ko‘p. Ammo imkoniyati cheklanganlar ta’limi uchun pul tikuvchilar juda kam. Masalan, EVGIChlar ta’limini qo‘llash niyatida bo‘lgan kishi bitta surdotarjimonni doimiy ishga olib, pedagoglarni maxsus surdo kurslariga o‘qitib ish boshlasa, ko‘p qiyinchiliklarga uchramaydi.
Shunday holatda davlat ham qarab turmasa kerak. Maxsus soliq imtiyozlari yoki boshqa imkoniyatlar bilan bunday tadbirkorga yengilliklar yaratib beradi. Muhimi, bunday ishning ajr-u savobini Yaratgan ikki dunyoda ko‘p va xo‘b ajrlar bilan mukofotlaydi. Hozirgi mehnat bozoriga qaraydigan bo‘lsak, EVGIChlar uchun ishda tanlov imkoniyati juda kam. Bo‘lganda ham avval aytganimdek, og‘ir mehnatlarda bor. Shuning uchun ham ularning o‘ziga nisbatan ishonch kam. Grafik dizayn, dasturlash kabi IT kurslari, kompyuter bilan bog‘liq istalgan kasb imkoniyati cheklanganlar, ayniqsa, EVGIChlar uchun juda mos ish va ta’lim yo‘nalishi.
Masalan, dasturlashni biladigan EVGIChga buyurtmachi onlayn holatda ish bera oladi. Ikkala tomon yozib bir-birini tushunib olishi mumkin. Va’da berilgan ish bajarilgach, ish haqini ham masofadan to‘lash imkoni ham mavjud. O‘zim ham haftada ikki marta EVGICh maxsus maktab bolalariga grafik dizaynni o‘rgataman. Qolaversa, IT parkda ham maktabda o‘qiydigan EVGICh bolalar uchun turli kurslar rejalashtirilmoqda. “Zamin” fondi ham avvalroq maktab o‘quvchilari uchun shunday kurslarni taqdim etgandi. Fikrimcha, bunday kurslar faqat maktab bolalari uchun emas, yosh toifasida cheklovlarsiz qilinishi kerak.
Ustimdan kulishsa-chi? EVGIChlar muammolarini yoritadigan blogni shu qo‘rquv bilan ochganman
Blog ochish g‘oyasi 5 yil avval Amerikada bo‘lganimda paydo bo‘lgandi. U yerda EVGICh bo‘la turib blogerlik, vlogerlik qiluvchilar ko‘p uchrar, O‘zbekistonda esa EVGIChlar muammolarini yozadigan odamning o‘zi yo‘q edi. 2017-yilda “uzsd.uz” blogimni ochib, unga ilk postimni yozganman. Shu post qo‘ygunga qadar har kuni qo‘llarim qaltirab ustimdan kulishsa-chi, deb savol berardim o‘zimga. Nimaga, qayerdan bu savol miyamga o‘rnashgan bilmayman. Ammo xayrli qadam ekan.
2018-yil Blogerlar chempionati bo‘lishi haqida xabar o‘qib qoldim va qatnashishga qaror qildim. 380 dan ortiq ishtirokchi, uch bosqichli chempionat. Birinchi bosqichning o‘zidayoq 75 kishi saralanishi kerak edi. Birinchi bosqichda EVGIChlarning namoz o‘qishi, islom farzlarini bajarishi uchun yo‘l yo‘qligini aks ettirgan “Jimlik dunyosida adashgan musulmonlar” nomli maqolam bilan qatnashganman. To‘g‘ri, hozirda masjidlarga surdotarjimonlar qo‘yilib EVGIChlarga farzlarini ado etishi uchun sharoitlar qilindi. Ammo avvallari ularning aksari cherkovga borgan. Sababi cherkovlarda surdotarjimon bo‘lgan.
To‘g‘ri, hamma dinni o‘zi tanlaydi. Ammo musulmon bo‘la turib, biror odamning surdotarjimon yo‘qligidan cherkovga borishi juda ayanchli holat. Karlar jamiyati a’zolari bu masalada tinimsiz murojaat qilishgach, masjidlarga surdotarjimonlar qo‘yildi. Dolzarb muammoni ko‘targanim uchun bo‘lsa kerak taniqli bloger Xushnudbek Xudoyberdiyevdan ham yuqorilab ketibman. Ko‘zlarimga ishonmasdim. Yarim finaldan “Imkoniyati cheklangan insonlarni boshqa imkoniyatlardan cheklamang, iltimos” maqolam bilan finalga o‘tdim. “Hayotdan nega noliysiz?” esa final maqolasi edi. To‘g‘ri, chempionatda yuqori natijani qayd etmadim. Biroq yozilishi kerak bo‘lgan mavzuni yozganim uchun o‘zimni haligacha yengil his qilaman.
Telekanallarda EVGIChlar uchun tanlov imkoni yo‘q
O‘zbek telekanallari dasturlarini ko‘rish tanlovimiz juda kam. Prezident tadbirlari, muhim matbuot anjumanlari va sanoqligina yangilik dasturlari surdotarjimada ketadi, xolos. Nima EVGIChlarni boshqa narsalarni bilish, eshitish, ko‘rishga haqqi yo‘qmi? Masalan, yaqinda “Sevimli” telekanalining “Zamon” informatsion dasturida EVGICh qizga tan jarohat yetkazgan yigit haqida lavha uzatildi. Voqealarda EVGICh inson ishtirok etgan. O‘ziga o‘xshagan odamlar haqidagi lavha EVGIChlarga ham qiziq. Lekin na surdotarjimon bor, na subtitrlar orqali berilgan. Yechimsiz yoki og‘ir kuch talab qiladigan jarayon ham emas bu. Yo surdotarjimon xizmatidan foydalanish yoki avtomatik subtitrlar orqali mazmunni ifodalash.
Avtomatik subtitrlar EVGIChlarning savodini rivojlantiruvchi muhim vosita. Agar bu surdotarjima bilan birgalikda berilsa nur ustiga nur. Ko‘pchilik EVGIChlar o‘qishni bilmaydi. Subtitr va tarjimaning bir paytda ketishi o‘qishni o‘rganishga yordam beradi. Rivojlangan mamlakatlarda hatto reklamalarning ostiga ham subtitrlar qo‘yib boriladi. Bundan 10 yilcha oldin AQShga birinchi marta borganimda ingliz tilini umuman bilmasdim. Yigirma kun qolgan bo‘lsam-da televizorda inglizcha subtitrlarni ko‘raverib ko‘zim qotibdimi, ingliz tilidagi kinolarni ko‘ra boshlagandim. Shundan so‘ng YouTube’dan ingliz tilida nima ko‘rishimdan qat’i nazar subtitrlar funksiyasini yoqib qo‘yadigan bo‘ldim. Subtitrlardan lug‘at boyligim oshib borgan edi. EVGIChlar tushunmasa ham qiziqish bilan asta-sekin o‘rganadi.
Bizda ham telekanallarni subtitrlashtirish kerak. Agar bu eshita oladigan odamlarning jig‘iga tegsa, pultdagi maxsus tugmalar orqali ularni o‘chirib yoqish imkonidan foydalanishimiz mumkin. Bunga qo‘shimcha ravishda bugun foydalanuvchilari ko‘p bo‘lgan ijtimoiy tarmoqlarda ham o‘zbek tilidagi lavhalarni o‘zbek tilida subtitrlash tizimini yo‘lga qo‘yish kerak. 2017-yilda O‘zKJ raisi Javohir Rixsiyevga YouTube va ijtimoiy tarmoqlarda imo-ishora tilida va subtitrlar bilan axborot kanalini yaratish loyihasini taqdim etgan edim. Loyihamning maqsadi sifatli ma’lumotlarni muntazam taqdim etish va EVGIChlarning savodxonlik darajasini oshirish edi. Ammo rais mazkur loyiha O‘zbekiston qonunlariga zid deb, uni qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortgandi. Ammo ushbu loyiha aynan qaysi qonunlarni buzayotganiga aniqlik kiritmagan edi.
Shuningdek, EVGIChlar bilan muloqotda yordamchi sifatida Live Transcribe funksiyasidan foydalanish mumkin. Ammo ushbu dasturning o‘zbek tilidagi qismida ko‘p ishlanishi kerak bo‘lgan joylar bor. Tarjimasi juda qo‘pol. Misol uchun, ingliz va rus tili bilan solishtirsak, katta farq qiladi. O‘zbek tilida matnning sifati keskin farqlanib qoladi.
Ma’lumot o‘rnida: Gallodet universiteti Google kompaniyasi bilan hamkorlikda aynan eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlar uchun “To‘g‘ridan to‘g‘ri rasshifrovka” (Live Transcribe) nomli dastur ishlab chiqqan. 80 dan ortiq til va shevalarni qo‘llab-quvvatlaydigan ushbu dasturda nutqni avtomatik aniqlash bo‘yicha Google’ning yangi texnologiyalaridan foydalaniladi. Odam to‘g‘ridan to‘g‘ri telefonga gapirsa, qurilma ekranida nutqning matni rasshifrovka qilib beriladi. Ayni vaqtda EVGICh suhbatdosh shu dasturning o‘zidagi klaviatura orqali matn terib, javob qaytarishi mumkin. Mazkur dastur o‘zbek tilida 2020-yilgacha qo‘llanilmas edi.
Masalan, limon yeb yuzi bujmaygan odamni bermoqchi bo‘lsa, limon yeganda qaday yuz ifodasi paydo bo‘lsa, xuddi shunday yuz ifodasini qilib beradi. Ya’ni tarjimada nafaqat barmoqlar bilan ishoralar qilinadi, balki yuz ifodalari ham aslidagiga ishora qiladi. O‘zbek sinxron tarjimasida esa faqat qo‘llar ishlaydi. Mimikalarga hamma joyda ham ruxsat yo‘q. Masalan, oilaviy televizor ko‘rganimizda ayolim ham surdotarjimonlarning hamma tarjimalarini tushunolmaydi. Shunday paytlarda nima bo‘layotganini men unga qaytadan sharhlab beraman. Viloyatlarning aksari qismlarida ham shunday holat ko‘p kuzatiladi.
Amerikada surdotarjimonlar orasida EIChlarning o‘zi ham aksariyatini tashkil qilardi. Keyin bilsam, bu tarjimani sifatli yetkazish uchun eng yaxshi yo‘l ekan. Ya’ni eshitish imkoniyati cheklanganlar o‘z toifasidagi odamlarga tushunarli tilda axborotni yetkaza oladi. Xorijda nogironligi borlar uchun sifatli xizmat qilishga harakat qilishadi. Tasavvur qiling, eshitib turgan radiongizdan xirillagan tovush chiqib tursa, radioni o‘chirasiz. To‘g‘rimi? Biz ham surdotarjimani tushunmasak, uni ko‘rishimizdan foyda yo‘q. Uni uzatayotgan tarmoqni o‘chirib qo‘ya qolamiz.
Aloqa kompaniyalari EVGIChlar uchun alohida xizmatlar taqdim etishi kerak
Aloqa uchun EVGIChlar, asosan, videoqo‘ng‘iroqlardan foydalanadi. Imo-ishorani faqat videoqo‘ng‘iroq orqali ko‘rsatish mumkin. Buning uchun ularga biz tasavvur qilmaydigan darajada internet trafigi kerak bo‘ladi. Ammo O‘zbekistonda internet narxi qimmat. Bundan odatiy foydalanuvchilar ham qiynaladi. O‘zbekiston aloqa kompaniyalari EVGIChlar uchun alohida arzon xizmatlar taqdim etishlarini taklif qilardim. Masalan, Rossiyada zaif eshituvchi mijozlar uchun mo‘ljallangan maxsus qulay Deafon tarifi mavjud. Deafonda ular uchun maxsus cheksiz internet va avtomatik tarzda javob beruvchi xizmatlar mavjud. Qolaversa, agar eshitish qobiliyati yaxshi bo‘lgan kishi EVGICh abonentga telefon qilsa, unga avtomatik ravishda abonentning EVGICh ekanligi aytiladi va xabar qoldirishni so‘raladi. Bizda ham shunday tarif qilishning imkoni bor, menimcha. Bu EVGIChlar uchun juda qulay bo‘lardi.
Shaxsiy mashinamda yurishimni ko‘rib hayron qolishadi, ammo…
Ko‘p yillardan beri o‘z mashinamda harakatlanaman. Tanish-bilish, qarindosh-urug‘lar yoki endi tanib qolganlar, eshitolmasang ham mashinang bor ekan, hayday olarkansan-a degan gaplari og‘ir botadi. Men ham hamma singari odamman. Tabiiyki, shaxsiy ehtiyojlarim, qulaylikka xohishim yo‘q emas. Mashinasi bo‘lish nimadandir ustunlikni anglatmaydi. U odamlarning xizmatini qiluvchi oddiy vosita, xolos. Yo‘llarimiz EVGICh haydovchilar uchun xavfsiz emas. EVGIChlar mashinalarining old va orqa tomonida maxsus sariq belgilar mavjud.
YPX xodimlari, boshqa haydovchilar boshqaruvda EVGICh kishi borligini shundan bilishlari va shunga mos, past tezlikda, signal chalmay, do‘q qilmasdan, qo‘llarini paxsa qilib baqirmasdan o‘tishlari kerak. Ammo bizdagi aksariyat haydovchilar buni bilmaydi. Avtomaktablarda to‘liq va muntazam o‘qimaganlar bunday belgilarni qayerdan bilishsin? Ushbu belgining afzalligi bir tomon bo‘lsa, noqulayligi ham yo‘q emas. Mashinadagi bu belgidan EVGICh odamniki ekanini bilib, imkoniyat bo‘lishi bilan uni o‘marib ketadiganlar ham uchraydi. Shu sababdan aksariyat EVGIChlar bunday belgisiz harakatlanishni ma’qul ko‘radi.
Shaxsan men ham o‘z xavfsizligimni o‘ylagan holda ushu sariq belgidan voz kechganman. Hamma ta’lim beruvchi joylarda bo‘lgani kabi avtomaktablarda ham biz juda ko‘p noqulayliklarga duch kelamiz. EVGIChlar uchun alohida guruh ochishadi. Guruh to‘lishini kutishimiz uchun ancha vaqt ketib qoladi ko‘pincha. Qolaversa, surdotarjimon yollash ham o‘zimizning hisobimizdan. Avtomaktab to‘lovlaridan tashqari bo‘ladigan xarajat bu.
Ma’lumot uchun: Toshkent avtomaktablarida “B” kategoriyada o‘qish narxi 1 million 600 ming — 3,5 million so‘m atrofida.
Uylanganimga o‘n sakkiz yil bo‘ldi. Ikki o‘g‘lim bor. Ayolim bilan maxsus maktabda birga o‘qiganmiz. Ko‘ngil ekan. Bir-birimizni tushunib turmush qurib ketdik. To‘g‘ri, u mendek yaxshi joyda ishlamasligi mumkin. Lekin uni yaxshi ko‘raman. Doim qo‘llab-quvvatlayman. Baxtlimiz. Qahvaxonalardan birida tozalovchi xodim bo‘lib ishlaydi. Oshpazlarga ham yordam berib turadi. O‘tgan yili pandemiyada hamma uyidan ishlashga o‘tgan, ko‘pchilik ishsiz qolgan bo‘lsa-da qahvaxonani ikki soat tozalab qaytib kelardi.
Undan buni so‘ramasam, qiynalishini xohlamasam ham harna sizga yordam deb yana bir joyga tozalovchi xodim bo‘lib ishga kiribdi. Yaratgan ikki o‘g‘il bergan. Ming shukurki, ular qanotlarim. Kezi kelsa, mening o‘rnimga eshitib, o‘rnimda javob bera oladi. Biri 7-sinf, biri 2-sinfda o‘qiydi. Bolalikdan tadbirkor bo‘lishni xohlardim. Hali hayot oldinda. Nasib etgan bo‘lsa, u bilan ham shug‘ullanib ko‘rarman. Menga yaxshi farzandlar va oilani ato etgani uchun O‘ziga shukur.
Izoh (0)